Birlashib, buyuk tarix yaratamiz
Guliston shahridagi Yoshlar markazida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda uning Sirdaryo viloyati bo‘limi hamkorligida «Ma’rifat karvoni» loyihasi doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Unda viloyat hokimi o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev, «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari — yuridik fanlari doktori, professor Feruza Muxitdinova, iqtisod fanlari nomzodi Obiddin Mahmudov, falsafa fanlari doktori, professor Jaloliddin Yusupov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari Murodjon Xaitov, nuroniylar, tuman va shahar tashkilotlari hamda viloyat tashkilotlarining ma’naviyat yo‘nalishiga mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqiga sharh sifatida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti olim va tadqiqotchilari tomonidan tayyorlangan «Birlashib, buyuk tarix yaratamiz!» kitobining mazmun-mohiyati keng jamoatchilikka tanishtirildi.
Ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining bugungi bosqichi yangi tafakkur, yuksak ma’naviyat, vatanparvarlik va xalqimizning bunyodkorlik salohiyatiga tayanadi. Shu bois jamiyatda ma’rifat va daxldorlik tuyg‘usini, milliy qadriyatlarga hurmatni mustahkamlash, ayniqsa, yosh avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash dolzarb vazifalardan hisoblanadi.
Mustaqillikning 35 yilligi arafasida nashr etilgan «Birlashib, buyuk tarix yaratamiz!» kitobida davlat rahbarining bayram tantanasidagi nutqida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar tahliliy materiallar asosida yoritilgan. Nashrning bosh g‘oyasi Prezident nutqidagi «Vatanimizning oltin davrini, yangi buyuk tarixini albatta barchamiz birgalikda yaratamiz!» degan ezgu da’vatga uyg‘unlashgan.
[gallery-31457]
Kitobdan «Yangi O‘zbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markazi», «Buyuk istiqlolning uch ming yillik ildizlari», «Inson qadri uchun» g‘oyasi davlat siyosati markazida», «Yangi avlod mutaxassislari», «Fazoni zabt etayotgan o‘zbeklar», «Xalqning umri uzaymoqda», «Bebaho merosga munosib ishlar», «Ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi», «O‘zbek xalqi taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga kirmoqda», «Nutqning bosh g‘oyalari va tarbiyaviy-ma’naviy ahamiyati», «Xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashdi» kabi maqolalar o‘rin olgan.
Ularda mustaqillik yillarida erishilgan natijalar, amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va mamlakatimiz oldida turgan ustuvor vazifalar turli nuqtai nazardan tahlil qilingan.
Jumladan, Prezident nutqida O‘zbekiston mustaqilligining tarixiy ildizlari 1991-yil bilan cheklanmasligi, balki uch ming yildan ziyod davlatchilik an’analari va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqalishi qayd etilgan. Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy singari buyuk allomalar merosi, Amir Temur davlatchiligi, jadid bobolarimizning milliy ozodlik va hurriyat yo‘lidagi orzu-intilishlari bugungi taraqqiyotimiz uchun muhim ma’naviy poydevor sifatida talqin etilgan.
Nashrda «Inson qadri uchun!» g‘oyasining davlat siyosati markaziga olib chiqilgani, uning amaliy ifodasi sifatida insonning erkin va farovon hayotini ta’minlash, aholi dardini o‘rganish, kambag‘allikni qisqartirish, mahallabay ishlash tizimini takomillashtirish, ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya sohalarida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar ham atroflicha yoritilgan.
Shuningdek, mamlakat taraqqiyoti uchun zamonaviy bilim va kasblarni egallagan, mustaqil fikrlaydigan yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Ta’lim sifatini oshirish, yoshlarni xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitish, ilm-fan, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish kelgusi taraqqiyotning muhim omillari sifatida ko‘rsatilgan.
Kitobda kelgusi o‘n yillikda milliy yuksalishni ta’minlashga qaratilgan ustuvor vazifalar ham tahlil etilgan. Xususan, ta’lim va malaka, aholi salomatligi, yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyot, suv va ekologiya, qonun ustuvorligi, mahalla taraqqiyoti, shuningdek, O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori sifatidagi nufuzini yanada yuksaltirish kabi yo‘nalishlarga e’tibor qaratilgan.
Tadbir davomida kitobda ilgari surilgan g‘oyalarning mazmun-mohiyati va ularning jamiyat hayotidagi ahamiyati xususida fikr almashildi. Ishtirokchilar tahliliy materiallar bilan tanishib, Prezident nutqida belgilangan vazifalarni aholi, ayniqsa, yoshlarga yetkazishning samarali usullari yuzasidan mulohazalar bildirdi.
— «Birlashib, buyuk tarix yaratamiz!» g‘oyasi bugungi islohotlarning mazmun-mohiyatini anglash, yurtimizning taraqqiyot yo‘lini to‘g‘ri baholash va kelajak oldidagi mas’uliyatni his etishga undaydi. Ayniqsa, mazkur kitobda tarixiy taraqqiyot bosqichlari, bugungi islohotlar va kelgusi strategik vazifalar tahliliy hamda infografik materiallar asosida yoritilgani uning ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatini yanada oshiradi, — deydi «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, falsafa fanlari doktori, professor Jaloliddin Yusupov.
Targ‘ibot tadbiri davomida tuman va shaharlarda loyihani tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha targ‘ibotchilarga maxsus metodik ko‘rsatmalar berildi. Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni aholi va yoshlarning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda mazmunli tashkil etish, joylarda Prezident nutqida ilgari surilgan strategik g‘oya va tashabbuslarni manzilli targ‘ib qilish yuzasidan amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA