Birinchi oʻzbek agronomi kim?
U bir yildan ortiq vaqt davom etgan qiynoq va tahqirlar ostida soʻroq qilindi.
... Dengiz qirgʻogʻini tashlab ketgani kabi, baʼzilar bir paytlar ota makoni Moʻynoqdan oʻzga maskanlarga koʻchgan boʻlsa, bugun Moʻynoqqa intilayotganlar, uning bagʻrida yashashga oshiqayotganlar koʻpaymoqda. Shubhasiz, Moʻynoqdagi oʻzgarishlar odamlarning ruhiyatini oʻzgartirdi, qalblarida hayotga havas uygʻotdi, dunyoga boshqa koʻz bilan qarashga undadi, tasavvurlarini kengaytirdi...
“Xalq soʻzi” gazetasida eʼlon qilingan “Moʻynoq moʻjizasi” sarlavhali material ana shunday mulohazalar bilan boshlangan. Darvoqe, ushbu material nashrning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha muxbiri, marhum Hidoyat Ahmedovning soʻnggi maqolasi boʻlib qoldi. Muallifning yozishicha, ilgari tuman boʻyicha bor-yoʻgʻi besh-oltita bolalar bogʻchasi boʻlgan boʻlsa, hozir har bir mahallada kamida bitta zamonaviy bogʻcha ishlab turibdi. Shunday davrlar boʻlganki, hatto Mustaqillik, Navroʻz bayramlarini oʻtkazishga joy topilmagan. Hozir hududning zamonaviy madaniyat uyi, amfiteatri bor. Yangi ish oʻrinlari yaratilyapti...
... Birinchi oʻzbek agronomi kim? “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida ushbu sarlavha ostida chop etilgan maqolada yuqoridagi savol javobini topasiz. Jumladan, material kirish qismi ana shu ilk oʻzbek agronomining soʻzlaridan iqtibos bilan boshlangan: “Bir yildirkim Ovrupoda yashamoqdaman. Ilm-maorifda Ovruponing birinchi boʻlgan Germaniya dorulfununlarida butun dunyodan, hatto tatarlardan oʻnlab, turklardan esa minglab talabalar boʻlgani holda bizning Turkistondan mendan boshqa talabaning boʻlmasligi yuragimni parchalamoqda”, deb yozadi birinchi oʻzbek agronomi Abduvahhob Murodiy oʻz maktublaridan birida... Ammo Abduvahhob Murodiy 1930-yili 25-aprel kuni Munavvarqori Abdurashidxonov rahbarligidagi “Milliy ittihod” tashkiloti aʼzosi sifatida OGPU tomonidan qamoqqa olindi. U bir yildan ortiq vaqt davom etgan qiynoq va tahqirlar ostida soʻroq qilindi. Bu tergov materiallari mazmuni bugun Murodiyning jinoyatchi emas, aksincha, haqiqiy millat qahramoni ekanini isbotlovchi dalillardir...
“Inson va qonun” gazetasida “Goʻsht narxi 100 000 soʻmga yetdimi?” nomli maqola chop etilgan. Maqola muallifi F.Qoraqulova goʻshtning narxi haqiqatan ham yuz ming soʻmga yetgan-yetmaganligini shaxsiy kuzatuvlari orqali oʻrgangan. “15-avgust holatiga koʻra, poytaxt bozorlarida mol goʻshtining narxi 40 000 soʻmdan 80 000 soʻmgacha, qoʻy goʻshtining bozorlardagi narxi 50 000 soʻmdan 85 000 soʻm, “Korzinka” deb ataluvchi doʻkonlarda esa goʻshtning maksimal narxi 100 000 soʻmdan oshganligini koʻrsatdi. Demak, Toshkent shahrida sanoqli kunlar ichida goʻsht narxi salmoqli oshganligi maʼlum boʻldi... Shuningdek, nashr sahifalarida berilgan “Xorijdagi vatandoshimiz “18 yoshli” ayolga chuv tushdi” maqolasidagi faktlar oʻquvchini befarq qoldirmasa kerak. Unda 1982-yilda tugʻilgan namanganlik ayol oʻzidan 18 yoshli “ayol” yasab olib, internet orqali Misrdagi vatandoshimiz — yosh yigitni oʻz toʻriga ilintirgani va undan katta summada pullarni qoʻlga kiritgani, ammo jinoyat jazosiz qolmay, uning kirdikorlari oshkor boʻlganligi haqida hikoya qilinadi...
“Oʻzbekiston bunyodkori” gazetasida yozilishicha, Fargʻona tumanidagi Shohimardon qishlogʻi dengiz sathidan 2500-2700 metr balandlikda joylashgan boʻlib, toʻrt tarafi togʻ bilan oʻralgan. Bu yerning tongi yana-da maftunkor.
Togʻ ortidan bosh koʻtargan quyosh atrofni qizdira boshlaydi. Koʻchalar esa yana-da tarovatli. Togʻ odamlari bagʻrikeng, samimiy, mehnatkash. Soʻnggi yillarda bu moʻjaz qishloq mutlaqo yangicha chiroy ochdi. Sayyohlar uchun oʻnlab dam olish uylari, kempinglar, mehmonxonalar qurildi. Xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq inshootlar foydalanishga topshirildi. Koʻchalar-ga asfalt yotqizilib, ichimlik suvi quvurlari tortildi...
***
Yangi rukn va bugungi sharh haqidagi fikr, taklif va istaklaringizni pochta@uza.uz manzilida kutib qolamiz.