Bir siqim tuproqni ko‘zimga surtsam...
Ayni kunlarda mamlakatimizning barcha hududida bo‘lganidek, Farg‘ona viloyatida ham Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish bo‘yicha xayrli hamda savobga yo‘g‘rilgan ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyatda umrguzaronlik qilayotgan 45 nafar urush qatnashchisi bunday yuksak hurmat-ehtiromdan mamnun bo‘lib, dorilamon kunlarga shukronalar aytmoqda.
Inson doimo umid bilan yashaydi. Shuning uchun ham og‘ir vaziyatlardan xalos bo‘la oladi. Oltiariq tumani Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan Qahhor ota Maripov qirg‘inbarot janglar maydoniga kirib borganda 18 yoshda edi. Umrining eng gullagan davri vatan himoyasiga to‘g‘ri keldi. 1943 yilda Stalingradga yetib borib motoo‘qchi bo‘linmada xizmat qilishni boshladi. Belorus, Vengriya davlatlaridagi qonli urushlarda qatnashib, oyog‘idan yaralanadi. O‘q tekkan payti faqat vatani va onasi ko‘z o‘ngidan o‘tdi. “Bir siqim tuproq olib ko‘zimga surtgan holda jon bersam” deya qilgan iltijolari ijobat bo‘lib, omon qoldi. Hayot uchun kurashdi, shu bois ham jarohati bitib, oyoqqa turdi.
Qahhor ota urushdan qaytib, tuman mudofaa ishlari bo‘lim boshlig‘i lavozimida 10 yil faoliyat olib bordi. Umr yo‘ldoshi bilan birga olti nafar farzandlarining hammasini elu yurtga nafi tegadigan fidoyi insonlar qilib tarbiyaladi.
Otaxon elu yurtning hurmat-ehtiromidan minnatdor ekanini aytib, duoga qo‘l ochganda, Vatanimizga tinchlik-omonlik, farovonlik tilaydi. Nuroniy holidan qo‘ni-qo‘shnilari, mahalla-ko‘y doimo xabardor.
– Shukronalikda hikmat ko‘p ekan, – deydi Qahhor ota. – To‘qson oltinchi bahorni qarshilayotgan bo‘lsam-da, yuksak e’tibor, hurmat-ehtiromdan yasharib ketgandekman. Kunda-kunora bir xursandchilik. Yurtimiz doimo tinch bo‘lsin. Bu kunlarni qadrlash kerak.
Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari Farg‘ona garnizoni harbiy xizmatchilarining targ‘ibot jamoasi ham bu xonadonda bo‘lib, izzat-ikrom ko‘rsatdi.
9 may — Xotira va Qadrlash kunini viloyatda yashayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining barchasi davlatimiz hamda xalqimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan cheksiz izzat-ikrom og‘ushida, shodu xurramlik bilan qarshi olmoqda.
M. Sulaymonov, O‘zA