Bir qizni o‘qitish — butun jamiyatning ma’rifatli bo‘lishiga asos (+video)
Yurtimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy natijalari har bir sohada o‘z aksini topmoqda. Bugun ilmu ziyoli, ma’rifatli o‘zbek ayol-qizlari ham oilada, ham jamiyatda o‘z o‘rniga ega. Qay bir soha bo‘lmasin, albatta, xotin-qizlarimizning faolligi, tashabbuskorligi ko‘zga tashlanayotgani e’tiborga molik.
Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shahnoza Xolmahamatova o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
— Bugungi global dunyoda barqaror rivojlanishning eng asosiy ustunlaridan biri xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi uchun imkoniyatlar yaratishdan iborat. Mamlakatimizda bu borada qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xotin-qizlarimizning ta’lim olishi uchun alohida kvotalar joriy etilgani, magistr bosqichida ta’lim olayotgan xotin-qizlarning shartnoma to‘lovlari to‘lab berilayotgani, bakalavr bosqichidagi ayol-qizlarimiz uchun imtiyozli ta’lim kreditlari berilayotgani ular uchun yaxshi imkoniyat va motivatsiya bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbari doim ta’kidlaydilarki, “bir qizni o‘qitsak, bir oilaning ma’rifatli bo‘lishiga, oilalarning ma’rifatli bo‘lishi esa butun jamiyatning ma’rifatli bo‘lishiga xizmat qiladi”. Shu bois, qizlarimizning oliy ta’lim olishi uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda. Oliy ta’limda tahsil olayotgan xotin-qizlarimiz safi kengayib, bugun ular umumiy talabalarning 52 foizini tashkil qilmoqda.
Bundan tashqari, 2017-yilda davlat boshqaruvida xotin-qizlarning ulushi 20 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugun ularning safi 35 foizga yetdi.
O‘tgan 2025-yilda 330 mingga yaqin xotin-qizlarimiz ham kasb-hunarga, ham tadbirkorlikka o‘qitilgan. 430 mingdan ortiq ayollarimizga 23 trillion so‘m miqdorda imtiyozli kreditlar ajratilgani alohida ahamiyatga ega.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/4Gev7EmQ-gg" title="Bir qizni o`qitish — butun jamiyatning ma’rifatli bo`lishiga asos " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA