Bir qator DSI boshliqlari lavozimidan ozod etildi
Davlat soliq qo‘mitasining navbatdagi Hay’at majlisi keskin tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tdi. Unda joriy yilning birinchi chorak yakunlari bo‘yicha soliq organlari faoliyat ko‘rsatkichlari tahlil qilindi va Prezidentimizning 16 mart kuni Davlat soliq qo‘mitasiga tashrifi davomida belgilab berilgan vazifalarining so‘zsiz ijro etilishi masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, ayrim yirik soliq to‘lovchilari uchun joriy yilda soliq stavkalarining pasayishiga qaramasdan, byudjet tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan umumbelgilangan iqtisodiy ko‘rsatkich (YAIM)ga nisbatan ham yuqori, ya’ni 17 foizga o‘sgan. Yirik soliq to‘lovchilardan tashqari boshqa tadbirkorlik sub’ektlarining soliq ma’murchiligiga mas’ul hududlarda esa tushumlarning o‘rtacha o‘sishi 37 foizni tashkil etgan.

Bundan tashqari, soliq ma’murchiligining indikator soliqlaridan QQS 27 foizga, hududlarda esa o‘rtacha 60 foizga o‘sgan. Aylanmadan olinadigan soliq 1,3 baravarga o‘sib, ushbu soliq turidan eng yuqori o‘sish Farg‘onada 67 foiz va Xorazmda 48 foizni tashkil etgani qayd etildi.
Bunday o‘sishga iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi qatorida soliq ma’murchiligini raqamlashtirishdagi dadil qadamlar ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Yig‘ilishda erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar hamda mavjud muammolar ochiq va keskin ravishda tanqid qilindi.
Jumladan, soliq ma’murchiligini ta’minlash, soliq bazasini kengaytirish hisobiga qo‘shimcha daromadlarni jalb etish va yuklatilgan vazifalarni bajarishda yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi, Qashqadaryo va Toshkent viloyati DSB, Kogon hamda Andijon shahar DSI rahbarlariga nisbatan navbatdagi intizomiy jazo choralari belgilandi.
Andijon, Olot, Zomin, Paxtakor, Forish, Uchqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, Urgut, Jarqo‘rg‘on, Termiz, Sirdaryo, Guliston tumanlari hamda Yangiyer shahar DSI boshliqlari lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, soliq qarzini majburiy undirishga qaratishda yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun Asaka, Chiroqchi, Mingbuloq, Urgut, Mirzaobod, Sardoba, Bag‘dod, Qumqo‘rg‘on tumanlari hamda Quvasoy va Jizzax shahar DSI bo‘lim boshliqlari lavozimidan ozod etildi.
Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida “Soliq hamkor” tizimi orqali tushgan murojaatlar bilan ishlash hamda ushbu yo‘nalishda nazorat tadbirlarini amalga oshirishdagi jiddiy xato va kamchiliklari uchun Nukus, Jizzax va Andijon shaharlari, G‘ijduvon, Chiroqchi, Karmana, Pop, Urgut hamda Bekobod tumani DSI Sayyor soliq tekshiruvlari bo‘lim boshliqlari ham lavozimidan ozod etildi.
O‘z o‘rnida, yuqori natijalarga erishgan Davlat soliq boshqarmalari va 64 ta soliq inspeksiyalari jamoasini moddiy rag‘batlantirishga qaror qilindi. Hay’at yig‘ilishida DSQ raisi o‘rinbosarlarining hisobotlari eshitilib, shaxsiy mas’uliyati belgilandi.
Prezidentimiz tomonidan qo‘yilgan har bir bo‘g‘inda temir intizomga rioya etgan holda, jahon bozoridagi keskin tebranishlarga qaramasdan yil boshida belgilangan ko‘rsatkichlarni so‘zsiz ta’minlash, tadbirkorlik sub’ektlarini yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Soliqchi – ko‘makchi” institutining istiqbolli ko‘rsatkichlari, kichik va o‘rta biznes sub’ektlarini transformatsiya qilish, soliq organlarini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish kabi muhim yo‘nalishlarda aniq vazifalar belgilab berildi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA