Bir guruh mahkumlar muddatidan oldin shartli ozod etildi
O‘rinsiz jahl ko‘pincha tashvish va ko‘ngilsiz oqibatlarga sabab bo‘ladi. Hissiyotni jilovlay olmaslik esa insonni kutilmagan muammolar qarshisiga olib kelishi mumkin. Sud zalida turgan fuqaroning taqdiri ham aynan shuning tasdig‘idir. U jahl ustida qo‘shni ayolga qo‘l ko‘tarib, o‘zini aybdorlar qatorida topdi.
Mazkur mojaro erkakning jinoiy javobgarlikka tortilishi bilan yakunlandi. Sud tomonidan tayinlangan jazo esa probatsiya nazorati ostida o‘talishi belgilandi.

Probatsiya xizmati ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga hukm qilingan shaxslar tomonidan sud qarorlarining ijrosini ta’minlaydi. Shu bilan birga, ularning jamiyatga moslashuvi, ta’lim olishi, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishiga ko‘maklashadi, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatadi. Jazo muddatini namunaviy tarzda o‘tayotgan fuqarolarning muddatidan ilgari ozod etilishi uchun ham qonuniy imkoniyatlar yaratiladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kitob tumani sudida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida tuman IIB probatsiya nazoratida jazo o‘tab kelayotgan bir guruh mahkumlarni muddatidan avval ozod qilish yuzasidan kiritilgan taqdimnomalar muhokamasi jarayonida ham ushbu mezonlar alohida e’tiborga olindi.


Kitob tumani IIB probatsiya xizmati katta inspektori Baxtiyor Sharipov ta’kidlashicha, bugun tumanda 105 nafar shaxs nazoratda jazo o‘tab kelmoqda. Xulosa qilib aytganda probatsiya nazoratidagi shaxslarga jamiyatda o‘z o‘rnini topishga ko‘maklashish faqatgina ichki ishlar organlari xodimlarining vazifasi emas. Ularni keng jamoatchilik, ayniqsa, yaqin qarindoshlari ham qo‘llab-quvvatlashi lozim. Zero, o‘z vaqtida berilgan foydali maslahat, pandu nasihat har qanday kishining hayotga noto‘g‘ri qarashini ijobiy tomonga o‘zgartirishi mumkin.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri