Bir g‘alaba — 1 ochkogacha: O‘zbekistonning OFK reytingidagi ballari qanday shakllanadi?
OFKning joriy mavsumdagi klublar reytingini hisoblash tizimi futbol muxlislarida ko‘plab savollar tug‘dirmoqda.
OFKning joriy mavsumdagi klublar reytingini hisoblash tizimi futbol muxlislarida ko‘plab savollar tug‘dirmoqda. Futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev o‘z Telegram kanalida O‘zbekiston va unga reytingda raqobatchi bo‘lgan mamlakatlar klublari yig‘adigan ochkolar qanday hisoblanishini tushuntirdi.
O‘zbekiston bu mavsum qit’a miqyosidagi musobaqalarda uchta klub bilan qatnashadi. "Neftchi" va "Paxtakor" OFK Chempionlar ligasi Elit turnirida, "Nasaf" esa Chempionlar ligasi 2da ishtirok etadi.
Elit turnirda g‘alaba 3, durang 1 ochkoga baholanadi. Guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan klubga yana 3 ochko, undan keyingi har bir bosqich uchun esa 1,5 ochkodan beriladi. "Neftchi" va "Paxtakor" ushbu musobaqada to‘plagan ballar O‘zbekiston hisobiga to‘liq yoziladi.
"Nasaf" qatnashadigan Chempionlar ligasi 2da esa vaziyat biroz boshqacha. Musobaqada bazaviy ochkolar tizimi bir xil bo‘lsa-da, mamlakatlar reytingini shakllantirishda 0,667 koeffitsiyent qo‘llanadi. Shu sabab "Nasaf"ning bir g‘alabasi 2, durangi 0,667 ochko sifatida hisobga olinadi.
Yakuniy hisob-kitobda O‘zbekistonning uch klubi jamg‘argan ballar qo‘shilib, mamlakatdan uchta jamoa qatnashayotgani sababli 3 ga bo‘linadi.
Natijada "Neftchi" yoki "Paxtakor"ning bitta g‘alabasi O‘zbekistonning OFK reytingiga 1 ochko, durangi 0,333 ochko olib keladi. "Nasaf"da esa bu ko‘rsatkich mos ravishda 0,667 va 0,222 ochkoni tashkil qiladi.
Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlarda hisob-kitob ishtirokchilar soni va turnir darajasiga qarab farq qiladi. Masalan, Turkmaniston qit’a musobaqalarida ikki klub bilan qatnashadi. Chempionlar ligasi 2da o‘ynaydigan "Arkadag" uchun "Nasaf"dagi kabi koeffitsiyent ishlatiladi. Chellenj ligasidagi "Ahal" natijalariga esa 0,5 koeffitsiyent qo‘llanadi.
Ikki klub jamg‘argan ballar 2 ga bo‘linishi natijasida "Arkadag"ning har bir g‘alabasi Turkmaniston reytingiga 1, durangi 0,333 ochko qo‘shadi. "Ahal" g‘alaba qozonsa mamlakat 0,75, durang qayd etsa 0,25 ochkoga ega bo‘ladi.
Tojikistonning "Istiqlol" va "Regar-TadAZ" klublari ham Chellenj ligasida qatnashadi. Shu bois ularning natijalariga "Ahal" bilan bir xil koeffitsiyent asosida ball beriladi.
Demak, OFK reytingida faqat klubning g‘alaba yoki durang qayd etishi emas, u qaysi darajadagi qit’a turnirida qatnashayotgani va mamlakatdan nechta jamoa musobaqalarda ishtirok etayotgani ham yakuniy ko‘rsatkichga bevosita ta’sir qiladi.