Bir-birimizga jigarsoʻz boʻlaylik!
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senatining 2019-yildagi yigirmanchi yalpi majlisida nutq soʻzlab, jumladan, shunday degan edi:
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senatining 2019-yildagi yigirmanchi yalpi majlisida nutq soʻzlab, jumladan, shunday degan edi: “Biz oʻz faoliyatimizni boshlagan dastlabki kunlardan eʼtiboran siz, hurmatli xalq vakillari bilan barcha muhim vazifalarimiz qatorida ikkita eng asosiy masalaga alohida ahamiyat qaratish haqida kelishib olgan edik. Bularning birinchisi – jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash boʻlsa, ikkinchisi – aholimizning sogʻligʻini muhofaza qilishdir. Hammamiz tushunamiz, tinchlik va sogʻliq – bu har bir inson, butun xalqimiz uchun hech narsa bilan oʻlchab, baholab boʻlmaydigan buyuk neʼmatdir...” degan edi.
Bu hayotiy haqiqat koronavirus pandemiyasi dunyoni tashvish solib kezib yurgan bir vaqtda yana qadr topdi. Shu kunlarda mamlakatimizda ham aholi sogʻligʻini saqlash va tinchlikni taʼminlash bobida misli koʻrilmagan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Toʻgʻri qaror...
...Bizga qoʻshni koʻp qavatli uyda yashovchi ayolda ilk koronavirus infeksiyasi aniqlanganiga ham hash-pash deguncha 50 kun boʻlibdi. Kasalni yashirmadik, vaziyatni sir tutmadik. Aytishga oson, bunday sharoitda toʻgʻri qaror qabul qilish hayot-mamot masalasi boʻlib qoladi. Zudlik bilan karantin choralari koʻrildi: jamoat transportlari toʻxtatildi, ovqatlanish va boshqa maishiy shoxobchalar, doʻkonlar, bozorlar faoliyati vaqtincha toʻxtatildi (oziq-ovqat doʻkonlari va dehqon bozorlaridan tashqari), taʼlim masofaviy shaklga oʻtkazildi. Bu kabi tadbirlar samarasini esa mana bugun koʻrib turibmiz, koʻnglimiz bir qadar taskin topgan.
Saxovat va koʻmak
27-aprelda Prezidentimizning “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya, “Saxovat va koʻmak”, “Oʻzbekiston Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondlariga, shu jumladan, ularning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlardagi boʻlinmalariga, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan shakllantiriladigan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlovga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxslar roʻyxatiga kiritilgan jismoniy shaxslarga begʻaraz yordam berilishi koʻzda tutilgan.
Bugina emas, ushbu Farmon bilan saxovatpesha tadbirkorlar, aholini ish bilan taʼminlab, kambagʻallikka qarshi kurashayotgan, mamlakatimiz byudjetini shakllantirishda yetakchi oʻrin tutadigan korxonalarga ham begʻaraz yordam beriladi. Chunki, minglab saxovatpesha xalqimiz bilan birga aynan, shu tadbirkorlik subyektlari Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Saxovat va koʻmak” hamda “Oʻzbekiston Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondlarining shakllanishiga hissa qoʻshishdi.
Yana bir mulohaza...
Har kuni qaysidir davlatda notinchliklar tufayli qancha-qancha begunoh kishilar, achinarlisi ayollar va bolalar jon taslim qilyapti. Koʻplab nufuzli davlatlar qirgʻinbarot qurollar ishlab chiqarish boʻyicha kim oʻzar oʻyinini davom ettirmoqda. Qizigʻi, ular bu kabi achinarli holatlarni koʻrib, kuzatib, hatto maqtanib ham qoʻyishadi. Mamlakatimiz rahbari esa tinchlik va sogʻlikni hech qanday qurolga almashmaydi. Buning oʻrniga, omonlikni xush koʻradigan insonlar uchun goʻzal va betakror imoratlar, koʻpriklar, yoʻllar qurmoqda.
Axir, eng avvalo, qoʻshnilarimizga, keyin turkiy davlatlarga, soʻng dunyodagi har bir davlatga tinchlik, oʻzaro teng manfaatlar asosida hamkorlikni kim taklif qildi? Oʻtgan qisqa vaqtda bunga kim erishdi? Albatta, Prezidentimiz. Shu oʻrinda Ahmad Donishning: “Kimki aqlsiz boʻlsa, u odil ham emas” degan purmaʼno gaplari yodimga keladi. Shu ulugʻ zot: “Aql va davlatni bir-biridan ajratib boʻlmaydi, aqlsiz odamlar mamlakatni idora qila olmaydi” deb xitob qilgan ekan. Prezidentimizning aqlli siyosatini koʻrib bu gaplar gʻoyat haqiqat ekaniga iqror boʻlamiz...
Hayot saboqlari
Ustozlarim doim toʻgʻri yashashni, rost va ochiq gapirishni oʻrgatgan. Aslida bu feʼl qonda bor. Otam Toshtemir Esirgadiyev halol, mehnatkash kishi edi. Padari buzrukvorim 40 yil paxta sugʻorgan. Chiroqchidagi minglab uyning tomini yopgan – qoʻli gul usta ham edi. Beshik, doʻmbira yasardi. Rahmatli 82 yoshida olamdan oʻtdi. Hayotining soʻnggi kuni, soʻnggi daqiqasigacha tildan ham, oyoqdan ham qolmasdan jon taslim qildi.
Buni nimaga aytayapman? Hayotga toʻgʻrilik va yaxshilik bilan yondashsak ezgulik marrasi bizniki boʻladi. Dostoyevskiyning “Dunyoni goʻzallik qutqaradi” degan gapini yaxshi koʻraman. Turmush oʻrtogʻim bilan besh farzandni halol luqma berib voyaga yetkazganimizdan quvonib yashayapmiz. Shu emasmi, bizni qutqarib kelayotgan goʻzallik. Hayotda shu goʻzallikni koʻra olmaydigan, dunyoga egalik hissi bilan yashayotgan, gʻirromlikni oʻziga oshno qilib, demokratiya niqobi ostida yer-yuziga jar solayotgan davlatlarning hatti-harakatini koʻrib-bilib turib, toʻgʻrisi, ularga achinaman. Ular oʻz mamlakatini dunyoda buyuk qilamiz, deb hayqirmoqda. Nega “Dunyoni buyuk va goʻzal qilamiz”, demayapti. Shuning uchun ham ular nohaq. Begunoh qon toʻkish yomon. Xalq nafrati yomon...
Matonat va hamjihatlikning mukofoti bor
Yusuf Xos Hojibning “Kimning xalqqa foydasi tegib, shu foydasi tufayli halovat topsa, oʻsha odam ezgudir”, degan hikmatini eslaylik...
Bugun shifokorlarimiz koronavirusga qarshi kurashda jonfidolik qilib, jahondagi kasbdoshlariga namuna boʻlmoqda, harbiylarimiz kunu tun uxlamayapti. Sardoba suvidan jabr koʻrgan aholi uylarini tiklashdagi mehnatini bir koʻring, koʻzingizga yosh keladi, faxrlanib ketasiz.
Ustozlar uyida ertadan kechgacha oʻquvchilariga hayot mazmunini tushuntirish bilan ovvora, charchamaydi... Ularga ming rahmat.
Har birimiz ezgu maqsad sari birlashdik. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu ishlar boshida barchamizga namuna koʻrsatib turibdi. Matonat, sabr va hamjihatlikning mukofotini – farahli kunlarni tezda koʻrgaymiz, inshaalloh.
Yana bir gap...
Bugun dunyoga oʻq-yoyi, dahshatli bombasi bilan vahm solib turgan mamlakatlar ham kichik zarra oldida bosh egib turibdi...
Bas, oqibat yoʻqolmasin, bir-birimizga jigarsoʻz boʻlaylik!
Erkin ESIRGADIYEV,
jurnalist.