Bir asrning ikki dahosi
Andijon davlat pedagogika institutida “Bir asrning ikki dahosi” mavzusida insholar tanlovi o‘tkazildi.
Buyuk mutafakkir, o‘zbek tilining asoschisi Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan mutaxassislik va nomutaxassislik ta’lim yo‘nalishida o‘tkazilgan insholar tanlovida talabalar faol ishtirok etdi.

– Har bir talaba Navoiy, Bobur hayoti va ijodini yaxshi bilishi shart, – deydi Andijon davlat pedagogika instituti rektori, professor Baxtiyorjon Rasulov. – Shu ma’noda tanlovning asosiy maqsadi xalqimizning ikki buyuk dahosi hayoti, faoliyati, ijodi, o‘lmas asarlari, umuman, jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan hissasi haqida talabalarning bilim va tushunchalarini sinovdan o‘tkazish, yanada boyitish, qolaversa, ularning adabiyot, tarixga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ijodiy salohiyatlarini yuksaltirishga qaratildi.

Belgilangan insho yozish talablari doirasida tanlov ishtirokchilari mavzuni chuqur tahlil qilib, buyuk daholar hayoti va ijodi haqida o‘z mulohazalarini, ular asarlarining ma’naviy, ma’rifiy, tarbiyaviy ahamiyatini yoritishdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, mutaxassislik yo‘nalishi bo‘yicha filologiya fakulteti o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi 1-bosqich talabasi Zulfiyaxon To‘lanova, nomutaxassislik yo‘nalishi bo‘yicha maktabgacha ta’lim fakulteti maktabgacha ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich talabasi Masturaxon Fozilova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Insholar tanlovining g‘olib va sovrindorlari institut rektorati tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari