Bir asrlik hayot, bir umrlik jasorat
9-may – Xotira va qadrlash kuni
Yangiyo‘l tumani Qovunchi mahallasidagi xonadonlardan biri darvozasiga ilingan oddiy peshlavha bilan e’tiborni tortadi. Unda: “Bu xonadonda Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Mansurov Nodir ota istiqomat qiladi”, degan yozuv bitilgan.
Yaqinda Nodir ota 100 yoshni qarshi oldi. Keksayganiga qaramay, hozir ham tetik va xotirasi mustahkam. U bilan suhbatlashar ekansiz, go‘yo bir asrlik hayot yo‘li ko‘z oldingizda gavdalanadi.

Nodir ota bolaligidanoq hayotning og‘ir sinovlarini boshidan kechirgan. Otasidan erta ayrilgach, onasi Erkabuvi opa bir necha farzandni yolg‘iz tarbiyalash mas’uliyatini zimmasiga oladi. Akasi Turdivoy 1941-yilda frontga kuzatilgach, oila tashvishi yanada og‘irlashadi. Shu paytda 14-15 yoshlarda bo‘lgan Nodir maktabni tark etib, onasiga ko‘mak berish maqsadida turli mehnat ishlarida qatnashadi. Jumladan, “Shimoliy Toshkent” kanali qurilishida ham mehnat qiladi.
1944-yil noyabr oyida u ham urushga chaqiriladi. O‘sha paytda 18 yoshda edi.

– Harbiy xizmatga ketishdan oldin ikki oy tayyorgarlikdan o‘tdik. Samarqanddagi harbiy poligonda snayperlik, jangovar taktika va qurol ishlatishni o‘rgandik. 1945-yil yanvar oyida Sharqiy frontga jo‘natildik. Ilk bor haqiqiy jangga fevral oyida kirdim. Atrofni portlashlar, o‘qlar va tutun qoplagan edi. Janglardagi eng og‘ir manzara safdoshlarning halok bo‘lishidir, – deydi Nodir ota.
U Polsha, Vengriya va Chexoslovakiya hududlaridagi janglarda ishtirok etadi. Budapesht uchun bo‘lgan janglar esa uning xotirasida alohida o‘rin tutadi. Bir binoda bo‘lib o‘tgan jangda u snayperlar duelida ishtirok etadi. Urushdan keyin ham Nodir ota yurtiga darhol qaytmaydi.

– Men 1946-1947-yillarda Chexoslovakiya va Germaniya hududida harbiy xizmatda bo‘ldim. Yevropada urush oqibatlarini bartaraf etish, vayrona va xarobalarni tozalash ishlarida qatnashdim. Urush tugadi, lekin uning izlari qalbimizda qoldi. Tinchlik esa eng buyuk ne’mat, – deydi u.
Uning yoshlarga vasiyati ham hayotiy, “Halol yashanglar, mehnat qilinglar. Vatanni asranglar”. Nodir ota bilan suhbatlashib to‘ymaysan kishi. Ko‘ksini to‘ldirib turgan orden va medallar go‘yo tarix yog‘dusini sochayotgandek.

9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Toshkent viloyati faollari otaxon xonadonida mehmon bo‘lib, samimiy suhbat tashkil etildi. Nodir otaga Prezidentimizning bayram tabrigi o‘qib eshittirildi, 30 million so‘m miqdoridagi bir martalik pul mukofoti hamda esdalik sovg‘alari Toshkent viloyati DXX boshqarmasi mas’uli va tuman hokimi Odiljon Ataullayev tomonidan tantanali ravishda topshirildi.
Samimiy uchrashuv davomida Nodir ota yosh avlodni Vatanga muhabbat, tinchlikning qadri va yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash muhim ekanini ta’kidladi. Faxriy nuroniy davlatimiz rahbari tomonidan urush qatnashchilariga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Tadbir davomida madaniyat bo‘limi xonandalari ishtirokida jonli ijroda milliy kuy-qo‘shiqlar yangradi. Nuroniylar yurtimiz tinchligi, Vatanimiz mustaqilligi va xalqimiz farovonligi bardavom bo‘lishini tilab, duolar qildi.
A. Musayev, O‘zA