Biofaol dori vositalari fosh bo‘ldi
Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan mamlakatimizdan chetga biologik faol qo‘shimchalarni yashirin ravishda olib o‘tishga uringan shaxs qo‘lga olindi.
Viloyat bojxona boshqarmasi Axborot xizmatining xabar berishicha, mamlakatimiz fuqarosi M.Sh. “Qo‘shkent” chegara posti orqali harakatlanib, biofaol qo‘shimchalarni noqonuniy tarzda, yashirincha qo‘shni mamlakatga olib chiqib ketishni reja qilgan. “Ishbilarmon” ning nayrangi ish bermay, vazifasini sergaklik bilan bajarayotgan bojxona xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Fuqaro M.Sh.ga tegishli yuklar guvohlar ishtirokida bojxona xodimlari tomonidan ko‘zdan kechirilganda, xorijga olib o‘tmoqchi bo‘lgan buyumlari orasiga hech qanday hujjatlari bo‘lmagan 1 ming 620 dona biologik faol qo‘shimchalar berkitilgani aniqlandi.
Noqonuniy ish tutgan “ishbilarmon” endi qonun oldida javob beradi.
Ushbu holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
A.QAYUMOV, O‘zA