Binolardagi mozaikalar madaniy meros ro‘yxatiga kiritiladi
Vazirlar Mahkamasining joriy yil 25-martdagi «Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, respublika hududida joylashgan binolar devorlarida ishlangan mozaika kompozitsiyalari Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari ro‘yxatiga kiritiladi.
Qarorda reestrni to‘ldirishdan ko‘zlangan maqsad mozaika, panno va tasviriy san’at asarlarini har tomonlama o‘rganish, asrab-avaylash va ulardan oqilona foydalanish, shuningdek, ularning mamlakat turizm salohiyatini rivojlantirishdagi rolini oshirishdan iborat.
Ro‘yxatdagi mozaikalar davlat kadastriga kiritiladi. Obyektlarning kadastr hujjatlariga ularning madaniy qiymati borligi to‘g‘risidagi yozuv qo‘shiladi.
Bundan buyon ro‘yxatga kiritilgan obyektlar mavjud binolarda, ularning muhofaza tegralari va tutash hududlarida rejalashtirilgan qurilish ishlari bilan bog‘liq har qanday faoliyat turi Madaniy meros agentligi bilan kelishilishi kerak.

Ro‘yxatga kiritilgan mozaikalarning aksariyati Toshkentda joylashgan. Shuningdek, unda Nukus, Urganch, Xiva, Samarqand, Namangan, Andijon, Jizzax, Qo‘qon, Angren, Guliston va bir qancha tumanlardagi mozaikalar mavjud.
Jamoatchilik va faollar ko‘p yillar davomida binolardagi mozaikalarni saqlab qolish uchun kurashib kelmoqda. Birgina Toshkent shahrida so‘nggi yillarda ta’mirlash ishlari davomida turar-joy binolaridagi ko‘plab mozaikalar bo‘yalgan. Ko‘p qavatli binolardagi ko‘plab mozaikalar ulkan reklama bannerlari bilan qoplangan.
Madaniy meros agentligi Kadastr agentligi va hokimliklar bilan ushbu obyektlarni belgilangan tartibda davlat kadastri ro‘yxatiga kiritish choralarini ko‘radi.
Bu ro‘yxatga kiritilgan obyektlar mavjud bo‘lgan turar joy va noturar joylardagi, ularning muhofaza tegralari va tutash hududlarida rejalashtirilgan qurilish ishlari bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday faoliyat turi Madaniy meros agentligining xulosasi olingandan so‘ng amalga oshiriladi.
Ushbu obyektlar madaniy qiymatga egaligi to‘g‘risidagi yozuvlar kadastr hujjatiga kiritiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA