Bilimli avlod – taraqqiyot asosi
Jahon shiddat bilan o‘zgarayotgan, ilm-fan va texnologiyalar har qadamda yangi imkoniyatlar yaratayotgan bugungi kunda ta’lim sohasi har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, uni zamon talablariga moslashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 15 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan ta’lim sohasiga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishi bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirish, mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish yo‘llarini belgilashda muhim qadam bo‘ldi. Selektorda ta’lim sifatini oshirish, pedagoglarning maqomini ko‘tarish, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi. Ushbu selektor Qoraqalpog‘iston Respublikasi ta’lim tizimi uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochadi, sohadagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish uchun zamin yaratadi.

Albatta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ta’lim sohasini rivojlantirish borasida so‘nggi yillarda katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda hududda 726 ta umumiy ta’lim maktabi faoliyat yuritmoqda. Ularda 363 ming 532 nafar o‘quvchiga 38 ming 878 nafar pedagog ta’lim-tarbiya bermoqda. 726 ta maktabning barchasi kompyuter sinflari (jami 15 ming 765 ta kompyuter) bilan ta’minlangan.
Prezidentimizning yoshlarga xorijiy tillarni o‘rgatish borasida yaratgan imkoniyatlari tufayli joriy yilning o‘zida maktab bitiruvchilaridan 36 nafari muddatidan oldin xorijiy oliy o‘quv yurtlariga qabul qilindi. 2024-2025 o‘quv yilida qoraqalpog‘istonlik o‘quvchilar fan olimpiadalarida ham yuqori natijalarga erishdilar. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi fan olimpiadalarida 10 nafar o‘quvchi sovrinli o‘rinlarni egalladi. Xalqaro fan olimpiadalarida esa 4 ta faxrli o‘rin, jumladan informatika fanidan Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro olimpiadada 1 ta oltin, matematikadan Turkmanistonda o‘tkazilgan xalqaro olimpiadada 1 ta kumush, Kosova va Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro olimpiadalarda 2 ta bronza medal qo‘lga kiritildi.
2023-2024 o‘quv yilida umumta’lim maktablarini 22 ming 846 nafar o‘quvchi bitirib chiqdi. Shundan 12 ming 967 nafari oliy o‘quv yurtlariga kirishga muvaffaq bo‘ldi (56,8 foiz). Shu jumladan, 246 nafar o‘quvchi chet ellardagi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilindi.
Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga bo‘lgan alohida e’tibori va yoshlarga ko‘rsatilayotgan otalarcha g‘amxo‘rligi natijasida oliy o‘quv yurtlariga 10 ming qo‘shimcha kvota ajratildi. Mazkur qo‘shimcha kvotalar hisobiga 4 ming 853 nafar yosh talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi.
Mazkur yilda barcha davlat dasturlari asosida jami 33 ta maktabda 182,6 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Shundan investitsiya dasturi bo‘yicha 25 ta ob’ektda 118,5 milliard so‘mlik, OPEK loyihasi bilan 8 ta ob’ektda (barchasi yangi maktab) 64,1 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Shuning hisobidan qo‘shimcha 6 ming 746 ta yangi o‘quvchi o‘rni yaratiladi.
Albatta, bular Qoraqalpog‘istonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning faqat bir qismi. Bu yo‘nalishdagi ishlar butun O‘zbekiston bo‘ylab davom etmoqda.
"Milliy tiklanish" partiyasi ta’lim sohasini rivojlantirishni o‘zining asosiy vazifalaridan biri deb biladi. Partiyamiz ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini yuksaltirish, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi. Partiya a’zolari ta’lim muassasalari bilan doimiy hamkorlik qilib, ularning muammolarini hal etishga ko‘maklashib, yoshlarning bilim olishi va kasb egallashi uchun sharoit yaratishga intiladilar.
"Milliy tiklanish" partiyasi ta’lim sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyor. Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda ta’lim sohasini rivojlantirish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning ta’limga bo‘lgan e’tibori, mamlakat hukumatining sa’y-harakatlari tufayli ta’lim sohasida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Partiyamiz vakillari ham sohani rivojlantirishga qaratilgan ishlarga ko‘mak berib, yoshlarimizning bilimli va ma’rifatli bo‘lishiga erishishni eng muhim vazifa deb hisoblaydilar.
Tajibay Romanov,
O‘zMTDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi,
Jo‘qorg‘i Kengesdagi O‘zMTDP fraksiyasi rahbari.
O‘zA