Bilim bor joyda buyuklik bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasini Vatanimiz tarixidagi muhim siyosiy voqea sifatida baholash mumkin. 2017 yildan buyon an’anaga aylangan bu tadbirda yakunlanayotgan yildagi asosiy natijalar, kelgusi yil uchun mo‘ljallangan maqsad va vazifalar e’lon qilindi. Mazkur nutqni ko‘lami va ko‘zlangan maqsadlariga ko‘ra uzoq muddatga mo‘ljallangan dastur deb atash ham mumkin.
Uning hayotga tatbiq etilishi esa Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni jadal sur’atda davom ettirish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu yilgi Murojaatnomada xalqimiz kutayotgan, ko‘pchilikni o‘ylantirib kelayotgan masalalarga oqilona yechimlar ko‘rsatildi. Kelgusi yilda jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari 6 ustuvor yo‘nalishda o‘z ifodasini topishi belgilab berildi.
Xususan, 2023 yilning “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb nomlanishi va belgilangan chora-tadbirlar har birimizdagi Vatan oldidagi burch va mas’uliyat hissini bir necha barobar oshirishi shubhasiz. Umuman olganda, biror-bir soha yo‘qki, davlatimiz rahbari Murojaatnomada chetlab o‘tgan bo‘lsa. Mamlakatimiz rivoji uchun har bir yo‘nalish muhim ekanligi va ular orasida sifatli ta’lim eng ustuvor masala ekanligi alohida ta’kidlandi.
Prezidentimiz nutqida o‘z ifodasini topgan tashabbuslar mamlakatimiz rivojida muhim ahamiyat kasb etib, ko‘plab sohalarni o‘z ichiga qamrab oladi. Qolaversa, Murojaatnomada qaysi soha tilga olinmasin, albatta, keng tahlil, muammolar, ularni hal qilish yo‘llari va aniq vazifalar belgilab berilishi bilan diqqat-e’tiborimizni tortadi.
Keyingi yillarda izchil amalga oshirilayotgan, inson huquqlarini ta’minlashga, Hukumatning xalqimiz oldidagi vazifalarini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar xalqimizning roziligini oshirishda strategik asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Murojaatnomani tinglagan, u bilan bevosita tanishib chiqqan har bir inson, har bir yurtdoshimiz undan o‘ziga xos taassurotlarga ega bo‘ladi, o‘rinli xulosalar chiqara oladi. Shaxsan meni quvontirgan jihati – Murojaatnomada ta’lim va tarbiya mavzusi eng ustuvor vazifalardan biri sifatida tilga olindi. Asosiy e’tibor Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya hisoblangan ta’lim tizimini qo‘llab-quvvatlashga qaratilishi alohida ta’kidlanadi.
Yusuf Xos Hojib bobomiz aytganlaridek:
“Zakovat bor joyda ulug‘lik bo‘ladi,
Bilim bor joyda buyuklik bo‘ladi”.
Murojaatnomada o‘qituvchi-murabbiylarning maqomini, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada mustahkamlashimiz kerakligi qayd etildi. Prezidentimiz to‘g‘ri ta’kidlaganidek, farzandlarimiz maktabdanoq ona tili va chet tillarini puxta o‘zlashtirib, kompyuterda ishlashni o‘rganib chiqishi bugungi davrning eng muhim talablaridan biri.
Farzandlarimizni kasb-hunarga, san’at va madaniyatga qiziqtirishimiz, o‘quvchilarda erkin fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalarini shakllantirishimiz shart. Shu boisdan kelasi yildan boshlang‘ich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. 2023 yildan maktab ta’limining xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilinishi, 70 ta yangi maktab qurilishi va 460 ta maktab kengaytirilishi aytib o‘tildi.
Xususiy investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihalari boshlanadi, keyingi besh yilda ularning soni mingtaga yetkaziladi. Shu bilan birga, yil boshidan Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 285 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yilganligi, kelasi o‘quv yilidan esa mazkur amaliyot qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etilishi va buning uchun 2,3 trillion so‘m ajratilishi yana bir muhim ijobiy tashabbus bo‘ldi.
Shuningdek, maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega bo‘lmasdan kirib kelayotgani bois 700 dan ortiq kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar imkoniyatidan samarali foydalanish zarurligi aytib o‘tildi, shu maqsadda 2023 yildan har bir viloyatda 1 tadan texnikumda Yevropa kasbiy ta’lim standartlari joriy etiladi.
Maktabgacha ta’lim tizimida esa bog‘chalar sonini ko‘paytirish, ulardagi ta’lim va tarbiya sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha besh yillik dastur qabul qilinadi. Bog‘cha qamrovini kengaytirish bo‘yicha xususiy sektorga qo‘shimcha sharoitlar yaratiladi. Bu yo‘l bilan farzandlarimiz bolalikdanoq bilimlarni a’lo o‘zlashtirishi, jamoatchilikka moslashish ko‘nikmalari asta-sekin shakllanishiga erisha olamiz. Zero, yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabidir.
Oliy ta’lim tizimida esa yakunlanayotgan yil mobaynida 41 ta oliygohga akademik va moliyaviy mustaqillik berilgani, ularda transformatsiya ofislari ochilganligi aytib o‘tildi. Oliy ta’lim muassasalari rektorlari, professor-o‘qituvchilari bu jarayonlarda faol bo‘lishlari va yangi, ilg‘or metodikalarni joriy qilishlari kerakligi bizga yanada mas’uliyat hissini yuklaydi.
Kelgusi yilda talabalar uchun imtiyozli ta’lim kreditlariga resurslar 2 barobar ko‘paytirilib, 1,7 trillion so‘m ajratiladi. Qayd etilishicha, bu yil ilm-fan va innovatsiya sohalariga 1,5 trillion so‘m yo‘naltirildi. Bu – 2017 yilga nisbatan qariyb 6 barobar ko‘p, degani. Olimlarning ish haqi ham 4,5 barobar oshirildi. Bularning barchasi hisobidan nano va biotexnologiyalar, raqamli geologiya kabi 18 ta yangi ilmiy yo‘nalish tashkil etildi.
Kelgusi yili ilm-fan va innovatsiyalarga 1,8 trillion so‘m ajratiladi. Bu Yangi O‘zbekistonda ilm-fanga, bilimga bo‘lgan yuksak e’tibordan darak beradi. Endi olimlarimiz suv va energiyani tejash, tuproq unumdorligi va hosildorlik, geologiya, sanoat, qurilish kabi bugungi kunda biz uchun dolzarb yo‘nalishlarda aniq natijalar ko‘rsatishlari kerak.
Prezidentimizning milliy o‘zligimiz timsoli, ma’naviyatimiz asosi bo‘lgan ona tilimizga bo‘lgan e’tiborni alohida ta’kidlab o‘tishi, ona tilimiz ravnaqini kuchaytirish uchun qilinayotgan amaliy islohotlar qalbida, ongu shuurida millat g‘ururi yashayotgan har bir vatandoshimiz yuragini entiktiradi.
Shu o‘rinda bir masalaga alohida e’tibor qaratish zarur. Ya’ni mamlakatimizda oliy ta’limga o‘qishga kirishdagi korrupsiya deyarli yo‘q bo‘ldi. Lekin oliy ta’lim muassasalari ichidagi korrupsiya hamon turli shakllarda saqlanib qolmoqda. Bunga qarshi kurashishda old saflarda shunga vakolatli organlar emas, balki aynan yoshlarning o‘zi bo‘lishi muhim. Oliy ta’lim muassasalarida yoshlar ishtirokida targ‘ibot uchrashuvlarini ko‘paytirish, ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazish va ularning natijalari yuzasidan tegishli xulosalar asosida choralar ko‘rish kutilgan samaralar beradi, deyish mumkin.
Yoshlarning sog‘lom fikr egasi bo‘lib voyaga yetishida madaniyat muassasalari, xususan, muzeylar muhim ahamiyat kasb etadi. Murojaatnomada ta’kidlanganidek, Fransiyadagi mashhur Luvr muzeyida shu kunlarda davom etayotgan milliy ko‘rgazma xalqimizning noyob tarixiy va badiiy merosi, boy madaniyati va an’analariga xorijda qiziqish qanchalik yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. Bunday betakror tarixiy va madaniy boyliklarimizni yoshlarimizga va xorijlik sayyohlarga yanada kengroq tanishtirish, muzeylarimizni davrimizning ilg‘or talablariga moslashtirish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi.
Bu yil 381 nafar sportchimiz jahon va qit’a musobaqalarida, 43 nafar iqtidorli va bilimdon yoshlarimiz nufuzli xalqaro fan olimpiadalari hamda tanlovlarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritganligi yuragimizda faxr hissini uyg‘otadi. Ushbu yutuqlar, inson qadri ulug‘ bo‘lgan yurt – Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi dastlabki natijalar ekani qayta-qayta ta’kidlanadi. “Biz bunyodkor xalqimiz bilan birga bunday ezgu ishlarni davom ettiramiz va oldimizga qo‘ygan katta-katta marralarga albatta erishamiz”, dedi Prezident.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Prezidentimiz Murojaatnomasida oldimizda turgan dolzarb vazifalar, yangi g‘oyalar ilgari surildi. Yangicha qarash, yangi g‘oya va yangi rejalar bilangina mamlakat istiqboliga, Vatan ravnaqi va xalqimizning farovonligiga daxldor harakatlarni amalga oshirishimiz mumkin. Prezidentimizning Murojaatnomasida keltirilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash, uni amaliyotga joriy etish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni to‘liq safarbar qilamiz.
Bahodir XOLIQOV,
Alisher Navoiy nomidagi
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti
universitetining birinchi prorektori,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent
O‘zA