Betakror tuyg‘ular musavviri
Quvonchni, iztirobni, o‘ychanligu vazminlikni tasvirda qanday ifodalash mumkin? Ustoz ijodkor, mohir mo‘yqalam sohibi, O‘zbekiston xalq rassomi Rahim Ahmedov insoniy kechinmalarni tasvirda aks ettirish ustasi edilar.
Ba’zan xorijlik san’atshunoslarning Kamoliddin Behzodni "Sharq Rafaeli", Rahim Ahmedovni esa "O‘zbek Gogeni" sifatida ta’riflashiga guvoh bo‘lamiz. Biroq nazarimda buning aksini aytsak, sira yanglishmaymiz. Negaki, jahon, xususan G‘arb rassomlari bizning musavvir bobolarimizdan o‘rgangan jihatlari ko‘pligiga badiiy asarlar ham, manbalar ham guvohdir.
Mamlakatimizda milliy tasviriy san’atimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan rassomlar xotirasini e’zozlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu jihatlar Rahim Ahmedovning aziz yodiga ehtirom ko‘rsatishdek ezgu ishlarda ham o‘z ifodasini topmoqda.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan ustoz rassom Rahim Ahmedovning 100 yillik tavallud sanasi keng nishonlanmoqda. Mazkur tadbirlar doirasida O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida R.Ahmedov ijodiga oid badiiy ko‘rgazma tashkil etildi. Unda namoyish etilayotgan portret, manzara, natyurmort janridagi kartinalar badiiy mahorat, tasvir, kompozitsiya, mavzuning teran ochib berilgani nuqtai nazaridan nainki mamlakatimiz, balki jahon rassomlari uchun ham namuna olishga arzigulik ekani yana bir karra o‘z isbotini topgan.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi anjumanlar zalida rassomning xotira kechasi o‘tkazildi. Unda ustoz musavvirning insoniy fazilatlari, shogirdlariga ko‘rsatgan mehr va e’tibori, milliy tasviriy san’atimiz rivojiga qo‘shgan munosib hissasi haqida batafsil so‘z yuritildi.
Chindan ham Badiiy akademiya tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan bu kabi ma’rifiy loyihalar tasviriy san’atimiz darg‘alarining ijodiy merosini o‘rganish, uni targ‘ib etish, ustoz rassomlar faoliyatidagi ibratli jihatlarni yoshlarga kengroq tushuntirish imkonini bermoqda.
Nazokat Usmonova,
O‘zA