Beshariqda yana bir yangi korxona
Farg‘ona viloyatining Beshariq tumani yirik sanoat markazlaridan biriga aylanib bormoqda. Hozirgacha bu yerda to‘qimachilik, don va paxtani qayta ishlash, yengil sanoat, mebelsozlik, oyoq kiyimlari ishlab chiqarish kabi korxonalar faoliyat ko‘rsatyapti. Mustaqillik bayrami nishonlanayotgan shu kunlarda “Sherwood Dizayn” MCHJ tomonidan qurilib, ishga tushirilgan tikuvchilik fabrikasi foydalanishga topshirildi.
“Sherwood Dizayn” MCHJda bungacha mebelsozlik, metal konstruksiyalar ishlab chiqarilar edi. Mana endi bu ko‘p tarmoqli jamiyat yana yangi 200 ishchi o‘rni yaratdi. 6,2 mlrd so‘m sarflangan tikuvchilik korxonasi mahsulotlarining aksariyat qismi eksport qilinadi.
–Bu loyihani shaxsiy biznesim ravnaqi uchungina emas, eng avvalo, qishloqdoshlarimga munosib ish o‘rni va munosib ish haqi yaratish uchun amalga oshirdim, – deydi tadbirkor, “Sherwood Dizayn” MCHJ rahbari Sherzod Erkaboyev. – Zero, biz tadbirkorlarga eng qulay sharoitlar yaratib berayotgan davlatimiz rahbarining ishonchini oqlashga harakat qilamiz.

Muhammadjon Obidov, O‘zA