Beshariqda pilla hosili barakali boʻldi
Beshariq tumani pillakorlari Fargʻona viloyatida birinchi boʻlib chilgi hosil – pilla tayyorlash shartnoma rejasini bajardi.
Beshariq tumani pillakorlari Fargʻona viloyatida birinchi boʻlib chilgi hosil – pilla tayyorlash shartnoma rejasini bajardi.
Tumanda 177 tonnadan ortiq “kumush tola” yetishtirildi. Har quti qurt urugʻidan olingan hosildorlik salmogʻi 58 kilogrammdan yuqori boʻldi.
Fargʻona pillachilik maktabi anʼanalarini tiklash, rivojlantirish borasidagi ishlar bugun oʻz natijasini koʻrsatmoqda. Sohaga ilgʻor texnologiyalarni joriy qilingani ozuqa bazasini mustahkamlash, yangi ish oʻrinlari yaratish, ipak matolari ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish imkonini bermoqda.
Pilla yetishtirishda oʻziga xos ish tajribasiga ega boʻlgan beshariqlik pillakorlar pandemiya davrida karantin talablariga rioya qilgan holda yuqori sifatli hosil olishga erishdi.
Bu yil tumanda 3 ming 200 quti ipak qurti urugʻlari parvarishlandi. Shu maqsadda 171 ta fermer xoʻjaliklari, 177 nafar kasanachilar bilan belgilangan tartibda mehnat shartnomalari imzolandi, 3 ming nafarga yaqin aholi mavsumiy ishlarga jalb etildi.
Tumanda pilla yetishtirishda oʻziga xos amaliy ish tajribaga ega boʻlgan fermer, kasanachi pillakorlar safi kundan kunga ortib bormoqda. Mavsumda 18 quti ipak qurti urugʻlari parvarish qilgan “Omonov Ravshanbek” fermer xoʻjaligi 1 tonna pilla terib oldi. “Turdiyev Hamzali Turdaliyevich” fermer xoʻjaligi uygan xirmon salmogʻi 1221 kilogrammdan oshdi. “Yigitali paxtakor” fermer xoʻjaligi pillakorlari har quti qurt urugʻidan 70 kilogrammga yetkazib hosil oldi. Qabul punktlariga 2435 kilogramm qimmatbaho sanoat xomashyosi yetkazib berdi. Sayyora Nishonova, Shohista Mirzayeva, Raʼno Yigitaliyeva singari pillakorlar har quti qurt urugʻidan yuz kilogrammdan oshirib xirmon koʻtardi.
–Aholi farovonligini oshirish, bandligini taʼminlashda pillachilikning oʻrni katta, – deydi “Beshariq agropilla” masʼuliyati cheklangan jamiyati raisi Ahmadjon Daminov. – Shu kunga qadar pilla yetishtirish ishlari bilan band boʻlgan aholiga 2 milliard 500 million soʻmdan ortiq naqd pul koʻrinishida ish haqi toʻlab berildi. Xonadon bekalari bir yillik ish stajlariga ega boʻlishdi. Albatta manfaatdorlik boʻlgan joyda rivojlanish boʻladi. Pilla yetishtirish koʻrsatkichlarini 2018-yil bilan qiyoslasak, ishlab chiqarish hajmi joriy yilda 50 tonnaga oshdi.
Darhaqiqat, ipakchilik tizimini rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar har qadamda boʻy koʻrsatmoqda. Adirobod massivida tashkil etilgan 100 gektar maydondagi tut plantatsiyalari rivoji avjida. Bu yerda 520 ming dona tut koʻchatlari oʻtqazildi. Bu yaqin kelajakda pilla yetishtirish hajmini yana 8 tonnaga oshirish imonini beradi.