“Besh tashabbus olimpiadasi” g‘oliblari finalga chiqdi
Mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy sport o‘yinlari va sport turlarini yoshlar o‘rtasida ommalashtirish, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish maqsadida “Besh tashabbus olimpiadasi” ikkinchi mavsumi doirasida mahalla yoshlaridan tuzilgan jamoalar o‘rtasida “Zakovat”, “Quvnoqlar va zukkolar” intellektual o‘yinlari, “Yoshlar raqs” festivali, “Yosh kitobxon”, “Milliy va zamonaviy cholg‘u ijrochiligi” ko‘rik-tanlovlari, shuningdek, sportning shaxmat-shashka, “Street Workout”, yengil atletika, stol tennisi, voleybol, stritbol, milliy kurash, kibersport turlari bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi.
– “Besh tashabbus olimpiadasi” ikkinchi mavsum doirasidagi tanlov va sport musobaqalarining mahalla bosqichlarida ishtirok etish uchun viloyat bo‘yicha 738 ming 463 nafar yoshlar onlayn ro‘yxatdan o‘tdi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Naziraxon Ubaydullayeva. – Joriy yilning 10-30-sentabr kunlari viloyatdagi 890 ta mahallada barcha yo‘nalishlar bo‘yicha tanlov va sport musobaqalari yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tkazildi. Birgina shaxmat va shashka bo‘yicha 4 ta yosh toifasi doirasida o‘tkazilgan musobaqalarda 101 ming nafar yoshlar ishtirok etib, o‘zlarining bilim va mahoratini sinovdan o‘tkazdi.
[gallery-9623]
Tanlov va sport musobaqalarining sektor, tuman, shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 1 ming 420 nafar yoshlar viloyat bosqichida ishtirok etdi. Qiziqarli bahslar ostida o‘tgan “Besh tashabbus olimpiadasi” ikkinchi mavsum viloyat bosqichi sport musobaqalari yakuniga yetdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, sportning stol tennisi, shaxmat-shashka, voleybol, yengil atletika, stritbol, milliy kurash, kibersport va vorkout turlari bo‘yicha yosh toifasi va jamoalar tarkibida 377 nafar ishtirokchi respublika bosqichida qatnashish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
– Jamoamiz bilan kibersport musobaqasida qatnashdik, – deydi Paxtaobod tumani “Muazzinboy” mahallasi jamoasi a’zosi Bekzodbek G‘ulomov. – Musobaqada qatnashib, imkoniyatlarimizni sinovdan o‘tkazdik, kibersportga oid ko‘p narsalarni o‘rgandik, tajriba oshirdik. O‘rganganlarimiz kelgusida o‘zimiz tanlagan sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lishda albatta, bizga yordam beradi. Shu kunlarda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida mahalla yoshlaridan tuzilgan jamoalar o‘rtasida “Zakovat”, “Quvnoqlar va zukkolar” intellektual o‘yinlari, “Yoshlar raqs” festivali, “Yosh kitobxon”, “Milliy va zamonaviy cholg‘u ijrochiligi” ko‘rik-tanlovlarining viloyat bosqichlari o‘tkazilmoqda.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA.