Besh dzyudochimiz medallar uchun bellashadi
Gruziyaning Tbilisi shahrida dzyudo bo‘yicha o‘tayotgan "Katta dubulg‘a" turkumiga kiruvchi xalqaro turnir vakillarimiz uchun omadli o‘tmoqda.
Musobaqaning birinchi kungi bahslarida vazn 66 kilogrammgacha bo‘lgan polvonimiz Sardor Nurillayev final bahsida gruziyalik Vaja Margelashvilini 20 soniyada mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, 60 kilogrammgacha vaznda finalga qadar muvaffaqiyatli ishtirok etgan Kemran Nurillayev terma jamoamizga kumush medalni taqdim etdi.
Aka-uka Nurillayevlarning ushbu muvaffaqiyati O‘zbekiston terma jamoasini umumjamoa hisobida hozircha ikkinchi o‘ringa olib chiqdi.
Bugun musobaqaning ikkinchi kungi bellashuvlariga start beriladi. Unda erkaklar -73, -81 kg, ayollar esa -63 va -70 kg vazn toifalarida tatamiga chiqadi. Ushbu bahslarda 5 nafar dzyudochimiz o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA