Beruniy tumanida “Agro marafon” tashkil etildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida Ӯzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston yosh fermerlar Kengashi tashabbusi bilan mamlakatimizda ilk marotaba “Agro marafon” tashkil etildi.
Mustaqillik yillarida iqtisodiyotimizning yetakchi sohalariga aylangan fermerlik sohasi bugungi kunda davlatimiz va jamiyatimiz rivojida hal qiluvchi ahamiyat kasb etib bormoqda.
Ular ichki bozorni import o‘rnini bosuvchi mahsulot va xizmatlar bilan to‘ldirayotgani, eksport salohiyatini yuksaltirishdagi hissasi muttasil oshib borayotgani, eng asosiysi, ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy jarayonlarda faollik ko‘rsatayotgani buning yaqqol dalilidir.
Zero, Fermerlik yo‘nalishlari iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash muammosini hal etish, xalqimiz farovonligini yuksaltirishda tobora katta rol o‘ynamoqda.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ushbu yo‘nalishda qabul qilinayotgan qarorlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni moddiy hamda ma’naviy jihatdan rag‘batlantirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, yoshlarda esa fermerlikka ishtiyoq uyg‘otishga xizmat qilayotgani bilan yanada ahamiyatlidir.
Bu boradagi ishlar samarasini yanada oshirish maqsadida O‘zbekiston yosh fermerlar Kengashi tuzilganligi esa yoshlarga mazkur sohaga oid masalalarning hamisha davlat e’tiborida ekanligini namoyish etadi.
[gallery-4219]
Qayd etish joizki, jamg‘arma faoliyati yoshlarning qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida o‘z tashabbuslari, g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash, band bo‘lmagan yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan eng ohirgi qishloq hujaligida bilim va ko‘nikmalariga o‘qitish, shuningdek, umuman yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish orqali ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan.
Respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan eng ilg‘or fermerlar ishtirokidagi ushbu marafon o‘zaro tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalar, innovatsion ishlanmalarni jalb etish, jahon bozoriga chiqish uchun yo‘llanma vazifasini o‘taydi.
Tadbir ishtirokchilari uchun Beruniy tumanidagi “Kashfiyotchi yoshlar” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli gidroponika issiqxonasiga agro sayohat tashkil etildi. Bundan keyin tashkil etilgan uchrashuvda yosh agrotadbirkorlar tomonidan biznes rejalarni tayyorlash hamda qishloq xo‘jaligida o‘z faoliyatlarini boshlash uchun nimalar qilish kerakligi haqida tushunchalar berildi. Shuningdek, ishtirokchilar biznesni rivojlantirishda qo‘l keladigan dunyodagi ilg‘or tajriba va zamonaviy vositalar bilan tanishtirildi.
Marafon doirasida bo‘lib o‘tgan “Agrobiznesda menedjment” mavzusidagi treningda qatnashchilar agrotadbirkorlik hamda biznes bo‘yicha yuqori bilim, ko‘nikma hamda tajribaga ega bo‘lgan agrobiznesmenlar - “Teodora Goods va Dalatek” kompaniyalarining direktori Dildora Atadjanova, “Mevali” kompaniyasining direktori Mansur Raximov, “Most Business” MCHJ direktori Elmurod Pirnazarov, “Vesagro” kompaniyasining direktori, agrobloger O‘rmonali Usmonov, bog‘dorchilik bo‘yicha mutaxassis konsultant Shuhrat Abrorov hamda “Agro Export Group” MCHJ asoschisi Sanjar Karimov bilan muloqot qildi.
Tadbirda ishtirok etgan yosh fermerlar, dehqonlar va agrar sohadagi faoliyatga qiziqqan yoshlar atrofidagi tengdoshlarining harakatini ko‘rgach, nimagadir erishishga imkoniyat eshigini ochdi. Treningda agrobiznesni yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan yoshlar mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA