Beparvolik og‘ir oqibatlarga sababi bo‘lishi mumkin
Sirdaryo viloyatida yoz mavsumida suv havzalarida xavfsizlikni ta’minlash, baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar izchil davom etmoqda. Shu maqsadda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda Guliston shahar FV bo‘limi xodimlari tomonidan “Do‘stlik kanali” bo‘ylari va unga tutash hududlarda keng ko‘lamli nazorat-reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbirlar davomida fuqarolarga belgilanmagan joylarda cho‘milish qat’iyan taqiqlangani, bunday hududlarda suv oqimining kuchliligi, chuqurliklar va ko‘zga ko‘rinmas xavf omillari inson hayoti uchun jiddiy tahdid ekani batafsil tushuntirildi. Shu bilan birga, aholiga suv havzalari bo‘yida ehtiyotkorlikni oshirish, xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish zarurligi yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.

Mutasaddilar ta’kidlashicha, suv bilan bog‘liq aksariyat baxtsiz hodisalar inson omili — e’tiborsizlik, nazoratsizlik va taqiqlarga bepisand munosabat natijasida yuzaga kelmoqda. Shu bois profilaktik tadbirlar bilan bir qatorda nazorat ishlarini ham kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Yoz mavsumida aholi, ayniqsa yoshlar orasida suv havzalariga intilish kuchayadi. Biroq belgilanmagan joylarda cho‘milish juda katta xavf tug‘diradi. Suvning tub qismi, kuchli oqim va ko‘zga ko‘rinmas to‘siqlar fojiali holatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun har bir fuqaro, avvalo, o‘z hayoti va yaqinlarining xavfsizligi uchun mas’uliyatni his etishi zarur, – deydi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Asror G‘ozixo‘jayev .

U, shuningdek, voyaga yetmaganlar xavfsizligi masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi:
– Ota-onalar farzandlarini qarovsiz qoldirmasligi, ularning bo‘sh vaqtini nazorat qilishi va suv havzalariga yaqin hududlarda ehtiyotkorlikni kuchaytirishi lozim. Bir lahzalik beparvolik og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini unutmaslik kerak.

Mutasaddilarning qayd etishicha, bunday reyd va profilaktik tadbirlar muntazam va uzluksiz davom ettiriladi. Chunki suv havzalarida bir lahzalik e’tiborsizlik ham inson hayotini xavf ostiga qo‘yadi. Shu bois har bir fuqaro ogohlikni kundalik qoidaga aylantirishi, belgilangan talab va taqiqlarga so‘zsiz amal qilishi shart. Zero, suv bo‘yidagi har bir beparvolik — qaytmas fojiaga sabab bo‘lishi mumkin.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri