Beparvolik og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin
Qish eshik qoqib kelganda emas, uning sovug‘i hali sezilmay turgan paytda tayyorgarlik ko‘rish kerak. Chunki sovuq kunlar kirib kelishi bilan xonadonlarda gaz jihozlaridan foydalanish keskin ortadi. Ana shu davrda oddiy e’tiborsizlik, o‘z vaqtida tekshirilmagan birgina mo‘ri, tozalanmagan dudburon yoki noto‘g‘ri o‘rnatilgan gaz jihozi inson hayoti uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Ayni kunlarda is gazidan zaharlanishning oldini olish, aholi o‘rtasida xavfsizlik madaniyatini oshirish maqsadida joylarda keng targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Ammo o‘rganishlar davomida hali ham ayrim xonadonlarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik talab darajasida emasligi aniqlanmoqda. Eng achinarlisi, xavf ba’zan ko‘zga ko‘rinmaydi. Dudburon tozalanmagan, gaz jihozi nosoz yoki me’yorlarga zid ravishda o‘rnatilgan bo‘lishi mumkin. Inson esa bu kamchiliklarni oddiy holdek qabul qilib, “hali vaqt bor” degan beparvolikka yo‘l qo‘yadi. Vaholanki, is gazi inson sezmaydigan, hidsiz va rangsiz xavf bo‘lib, uning oldini olish faqat ehtiyotkorlik va belgilangan qoidalarga qat’iy amal qilish orqali mumkin.
— Aholi xonadonlarida targ‘ibot ishlarini olib borish jarayonida, avvalo, gaz jihozlarining texnik holati, dudburon va mo‘rilarning sozligiga alohida e’tibor qaratyapmiz, — deydi “Buxoroshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimi Hasan Baqoyev. — Afsuski, ayrim xonadonlarda dudburonlar o‘z vaqtida tozalanmagani, ba’zi hollarda esa gaz jihozlari noto‘g‘ri o‘rnatilgani kuzatilmoqda. Bunday kamchiliklar esa oddiy nuqson emas, inson hayoti va salomatligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan jiddiy xavfdir.


Mutaxassisning ta’kidlashicha, gazdan foydalanishda har bir detal muhim. Gaz jihozini o‘zboshimchalik bilan o‘rnatish yoki ta’mirlash, nostandart qurilmalardan foydalanish, mo‘ri va dudburonlarning holatiga befarq qarash — og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
— Aholiga nostandart gaz jihozlaridan voz kechish, energiya tejamkor va belgilangan talablarga javob beradigan qurilmalardan foydalanish bo‘yicha tushuntirishlar beryapmiz. Energiya tejamkor jihoz tabiiy gazni tejash bilan birga, xavfsizlikni ta’minlashga ham xizmat qiladi. Shuningdek, xonadonlarda dudburonlarni o‘z vaqtida tozalash va ularning texnik holatini tekshirish nihoyatda muhim, — deydi Hasan Baqoyev.
Kuzning iliq kunlari hali davom etayotgani hech kimni xotirjamlikka chorlamasligi kerak. Chunki ana-mana deguncha havo harorati pasayadi, xonadonlarda isitish moslamalari ishga tushadi, tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoj ortadi.


Shuning uchun har bir xonadon o‘zini oddiy savol bilan tekshirib ko‘rishi lozim: dudburonim tozami? Gaz jihozim sozmi? U belgilangan talablar asosida o‘rnatilganmi? Mo‘ri tortish holati talabga javob beradimi? Xonada shamollatish imkoniyati bormi? Bu savollarga javobni qish kirganda emas, bugun aniqlash kerak.
Zero, davlat rahbari tashabbusi bilan aholi hayoti va salomatligini muhofaza qilish, xavfsiz va munosib yashash sharoitlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu e’tiborning amaliy samarasi esa nafaqat mas’ul idoralar, balki har bir fuqaroning o‘z xavfsizligiga mas’uliyat bilan yondashishiga ham bog‘liq.
Gaz — turmushimizda qulaylik yaratadigan muhim ne’mat. Ammo undan foydalanish madaniyati va xavfsizlik qoidalariga amal qilinmasa, o‘sha qulaylik bir zumda fojiaga aylanishi mumkin. Vaqtni boy bermang!
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri