Bemorlar safi ortayotgani yanada tashvishlanarli
Shu kunlarda odamlar orasida koronavirus xavfidan butkul xalos bo‘ldik, deb o‘zlarini erkin qo‘yib yuborganlar juda ko‘payib ketdi. Aksariyat kishilar hatto, niqob taqmay qo‘ydi. Epidemiya xavfi yillar davomida o‘z ta’siri va asoratlarini saqlab turishini yoddan chiqarishdi.
Aholi orasida tibbiy madaniyatning yetishmasligi hamda o‘z sog‘ligiga bee’tiborligi tufayli, afsuski, mazkur kasallikning yurtimizda yana avj olayotganligi achinarli. Uning insoniyat bilmagan yangi-yangi tur va xatarlari bizlarning har daqiqa ogoh bo‘lishimizni taqazo etadi.
Bugun kasalxonalarda davolanayotgan bemorlar vaqtida ushbu jihatlarga e’tibor qaratmagani tufayli afsus-nadomat bilan tojli virusga qarshi jon talashib kurashmoqda. Bu kabi bemorlar safining ortayotganligi esa yanada tashvishlanarli.
Shu bois mamlakatimizning har bir fuqarosidan ushbu holatni bartaraf etishda hissa qo‘shishiga da’vat etamiz. Bu hissani ular karantin talablariga qat’iy rioya etishlari va atrofidagilarni ham shunga chaqirishlari bilan qo‘shishlari lozim.
Bahrom VALIEV,
O‘zbekiston «Adolat» SDP
Toshkent shahar Kengashi raisi.