Belarus kim bilan urushga tayyorlanyapti (+video)
Dunyoda tabiiy ofatlar, geosiyosiy keskinlik va yirik xalqaro loyihalar kun tartibidan tushmayapti: Indoneziyada kuchli zilzila yuz berib qurbonlar qayd etildi, Turkiyada migrantlar fojiasi sodir bo‘ldi, Belarus urushga tayyorgarlikni kuchaytirmoqda, AQSH Erondagi strategik resurslar bo‘yicha murakkab rejani ko‘rib chiqmoqda. Shu bilan birga, Eron atrofidagi vaziyat yanada taranglashib, yuqori darajadagi shaxslar jarohatlangani haqida xabarlar tarqalmoqda, NASA esa yarim asrdan keyin insonni yana Oy atrofiga yuborish arafasida. Yevropada esa tabiiy hodisalar, jumladan, qum bo‘roni Krit orolida favqulodda vaziyatga sabab bo‘ldi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/3e2Mnnsyjf0" title="Belarus kim bilan urushga tayyorlanyapti?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Indoneziyada 7,4 magnitudali kuchli zilzila yuz berdi
Indoneziyaning Ternate shahri yaqinidagi Shimoliy Maluku dengizida 7,4 magnitudali kuchli zilzila yuz berdi. Yer silkinishi 35 kilometr chuqurlikda sodir bo‘lib, epitsentri Ternatedan taxminan 120 kilometr uzoqlikda joylashgan. Hodisa oqibatida kamida bir kishi halok bo‘lgan, sunami xavfi e’lon qilinib, aholi evakuatsiyaga tayyor turishga chaqirilgan. Manado shahrida bino qulashidan bir kishi halok bo‘lib, yana biri jarohatlangan, keyinchalik qayd etilgan to‘lqinlardan so‘ng sunami xavfi bekor qilingan.
Lukashenko Belarus urushga tayyorlanayotganini aytdi
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Qurolli kuchlarning kompleks tekshiruvi yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda mamlakat urushga tayyorlanayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, zarur holatda qo‘shinlar soni 500 ming nafargacha yetkazilishi mumkin. Tekshiruv davomida harbiy bo‘linmalar turli sharoitlarda sinovdan o‘tkazilgan, shuningdek, Belarus va Shimoliy Koreya o‘rtasida imzolangan hamkorlik kelishuvi geosiyosiy vaziyat bilan bog‘liq ekani ta’kidlangan.
“Tarixdagi eng qiyin operatsiya”: Tramp Erondagi yarim tonna uranni qo‘lga kiritmoqchi
AQSH harbiylari prezident Donald Trampga Erondagi qariyb 450 kilogramm yuqori boyitilgan uranni qo‘lga kiritish bo‘yicha reja taqdim etdi. Unga ko‘ra, hududga og‘ir texnika kiritilib, maxsus uchish-qo‘nish yo‘lagi qurilishi ko‘zda tutilgan. Mutaxassislar bu operatsiya tarixdagi eng murakkab missiyalardan biri bo‘lishi mumkinligini aytib, uni amalga oshirish uchun katta harbiy kuch va vaqt talab etilishini ta’kidlamoqda.
Mojtaba Humanaiyning maslahatchisi og‘ir yaralandi — OAV
Eron oliy rahnamosi Mojtaba Humanaiyning maslahatchisi Kamol Xarroziy Tehronga uyushtirilgan aviahujumlardan birida og‘ir yaralangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u nishonga olingan bo‘lib, ahvoli og‘ir. Rasmiylar hozircha bu haqda izoh bermagan, ayrim manbalar esa avvalgi hujumlarda Ali Humanaiy halok bo‘lganini va hokimiyat almashganini bildirmoqda.
Insoniyat yarim asrdan keyin ilk bor Oyga yo‘l oldi
NASA to‘rt nafar astronavtni Oy atrofida 10 kunlik parvozga yuborishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Artemis II missiyasi doirasida parvoz Floridadagi Kennedi kosmik markazidan amalga oshirilib, ekipaj 406 ming kilometr masofagacha yetadi. Parvoz davomida hayotni ta’minlash tizimlari va boshqaruv sinovdan o‘tkaziladi, bu esa kelajakda Oyda baza yaratish yo‘lida muhim bosqich hisoblanadi.
Turkiyada migrantlar bo‘lgan qayiq ag‘darilib, 18 kishi halok bo‘ldi
Turkiya suv hududida migrantlar bo‘lgan motorli qayiq ag‘darilib ketishi oqibatida kamida 18 kishi halok bo‘ldi. Qayiq ogohlantirishlarga qaramay qochishga uringan va kuchli to‘lqinlar sabab Bodrum yaqinida ag‘darilgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari davomida 21 nafar kishi qutqarildi, hozirda bedarak yo‘qolganlarni izlash ishlari davom etmoqda.
Krit orolining osmoni qizil tusga kirdi
Gretsiyaning Krit oroli osmoni Afrikadan kelgan qum bo‘roni ta’sirida qizil va to‘q sariq rangga kirdi. Yomon ob-havo tufayli aeroportlarda ko‘rish darajasi pasayib, ayrim reyslar kechiktirildi. Qum bo‘roni orol hududlariga ham ta’sir qilib, uylar va yo‘llarda muammolar yuzaga keltirgan, havodagi chang miqdori esa juda yuqori darajaga yetgan.
Nozimbek Mardonov, Salim Obidjonov O‘zA