Befarqlik hayotimizga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin
Butun dunyo koronavirus infeksiyasidan jabr ko‘rmoqda. Kasallikka qarshi vaksina ishlab chiqilganiga qaramay, uning tez sur’atlarda tarqalishi odamlarni xavotirga solmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda koronavirusga chalinish 307 million nafarga yetdi. Shundan qariyb 5,5 million kishi ushbu xastalik tufayli hayotdan ko‘z yumgan. Ayniqsa, "Covid-19" ning turli shtammlari paydo bo‘lishi kasallikning yanada avj olishiga sabab bo‘lmoqda.
Koronavirusning “Omikron” shtammining paydo bo‘lishi, tez tarqalishi dunyo hamjamiyatini hushyor bo‘lishga chorlamoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga qaraganda, yangi mutatsiya allaqachon jahonning 126 ta mamlakatida qayd etilgan. Taassufki, mamlakatimizga kelgan xorijiy davlat fuqarosidan “Covid-19” ning yangi “Omicron” shtammi 2022 yil 7 yanvar kuni aniqlangani sababli Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan jamoat joylarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish ustidan nazorat kuchaytirilmoqda.
Xususan, oliy ta’lim muassasalari talabalarini ta’til davomida koronavirus infeksiyasiga qarshi to‘liq emlash choralari ko‘riladi. Ushbu tadbirlarga oliygoh rahbarlari shaxsan mas’ul etib belgilandi. Ispaniya olimlarining ta’kidlashicha, “Omikron” — virusning insoniyat tarixidagi eng yuqumli ko‘rinishi. U hozirgacha bu borada qayd etilgan barcha rekordlarni yangiladi. Xorijlik mutaxassislarning tahlillari bo‘yicha “Omikron” bolalar uchun ko‘proq xavf tug‘dirishi mumkin. Hindistonlik olim Animesh Arya bolalarning nafas olish yo‘llari kattalarnikiga nisbatan kichikroq bo‘lganligi sababli kasallik ular uchun xavfli ekanligini aniqladi.
Yangi shtamm ko‘proq yuqori nafas yo‘llariga ta’sir ko‘rsatayotganini hisobga olsak, u jajji bemorlar soni ortishiga olib kelishi mumkin. Rossiyalik taniqli virusolog olim Aleksandr Chepurnov ommaviy axborot vositalari orqali ushbu shtamm haqida yangi xulosani aytdi. Uning fikricha, mazkur mutatsiya inson tanasida boshqa infeksiyalar bilan bir vaqtning o‘zida birlashishga qodir. Bu bemor bir paytning o‘zida koronavirusning ikki varianti bilan kasallanishi mumkinligini anglatadi. Yoshi ulug‘lar orasida yurak qon tomir kasalliklari, qandli diabet, gipertoniya bilan og‘rigan keksalarimiz bor. Kasallik aynan mana shu xastaliklarga chalingan insonlar salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Davlatimiz tomonidan aholi o‘rtasida ushbu kasallikni tezroq bartaraf etish, salomatligimizni har jihatdan muhofaza qilish maqsadida vaksinatsiya ishlari davom ettirilmoqda.
Biz yangi yilni yangi maqsadlar bilan kutib oldik. Har birimizning oldimizga qo‘ygan oliy maqsadlarimiz, orzu-niyatlarimiz bor, albatta. Kelgusida ana shu ezgu amallarni bajarishimiz uchun bizdan faqatgina ogohlik, hushyorlik, birdamlik talab etiladi. Shu bois ayni paytda o‘z yaqinlarimizni avaylab-asrash, karantin qoidalariga qat’iy rioya qilish, emlash tadbirlarida faol ishtirok etish har qachongidanda muhim. O‘z salomatligingiz uchun qayg‘uring.
Sobitxon Turg‘unov,
Namangan davlat universiteti rektori, professor.
O‘zA