Bebaho xazinani asrash – barchaning burchi
Musiqa sanʼati va tilning oʻzaro munosabati qanday?
21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
Musiqa sanʼati va tilning oʻzaro munosabati qanday? Sanʼatkorning tilga boʻlgan masʼuliyatining mezonlari nimalardan iborat? Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi, kompozitor, professor Rustam ABDULLAYEV bu haqida OʻzA muxbiriga quyidagilarni soʻzlab berdi:
– Sanʼat va til masalasi bir-biri bilan chambarchas bogʻliq. Oʻzligi, millatiga hurmat bilan qaraydigan inson borki, ona tiliga hurmat bilan yondashadi. Uni qadrlaydi va eʼzozlaydi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi hamon ongimizda, quloqlarimiz ostida jaranglab turibdi.
Darhaqiqat, dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir.
Ona tilimizning bor latofatini, jozibasi va taʼsir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi boʻlsak, onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, oʻlmas maqomlarimizni eshitish, baxshi va hofizlarimizning sehrli qoʻshiqlariga quloq tutish kerak.
Keyingi yillarda maqom, baxshichilik sanʼati boʻyicha xalqaro miqyosda festivallarning oʻtkazilishi, bu yoʻnalishda maktablar tashkil etilib, rang-barang ijodiy loyihalarning yoʻlga qoʻyilishi musiqa sanʼati orqali tilga, maʼnaviyatga boʻlgan eʼtiborning amaliy ifodasidan dalolatdir. Kompozitorlik ijodiyotida ham qoʻshiq va romanslarning yaratilishi bevosita sheʼriyat bilan bogʻliq ekanligi ona tilimizning har qadamda milliy sanʼatimizga taʼsir kuchini koʻrsatishidan darak beradi. Oʻzbekiston kompozitorlik maktabining taraqqiyot bosqichiga nazar tashlar ekanmiz, unda har bir ijodkorning ijodiy bisotida qoʻshiq, romans va vokal musiqasiga oid katta va kichik janrda asarlar yaratilganligining guvohi boʻlamiz. Mutal Burhonov, Ikrom Akbarov, Sobir Boboyev, Sharif Ramazonov, Mustafo Bafoyev, Habibulla Rahimov, Nadim Norxoʻjayev, Gʻani Xoliqov, Avaz Mansurov, Oydin Abdullayeva va boshqa koʻplab kompozitorlarimizning mumtoz va zamonaviy shoirlar sheʼrlariga bastalagan vokal asarlari bugungi kunda yoshlarimiz maʼnaviyatini boyitish yoʻlida xizmat qilib kelmoqda.
Alisher Navoiy, Hofiz Sheroziy, zamondoshlardan Normurod Narzullayev, Mirpoʻlat Mirzo, Poʻlat Moʻmin, Minhojiddin Mirzo va boshqa shoirlarimiz sheʼr va gʻazallariga yaratgan 100 dan ortiq qoʻshiq va romanslarim, vokal turkumlarim xonandalar ijrosida xalqimiz eʼtiboriga havola etib kelinmoqda. Bu oʻzbek tilining kompozitorlik ijodiyoti rivoji va uning mezonlarini belgilab berish yoʻlida nechogʻlik muhim oʻrin tutishidan dalolat beradi.
Oʻzbek mumtoz sheʼriyati namoyandalari, gʻazal mulkining sultoni Alisher Navoiy, Bobur, Uvaysiy, Nodira, Furqat, Zavqiy, Feruz, Muqimiy kabi adiblarning oʻlmas satrlaridan, betakror milliy mumtoz ashulalarimizdan ona tilimizning bor latofati, maftunkorligini dildan his etamiz. Oʻzbek klassik shoirlariga aylangan Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Zulfiya, Normurod Narzullayev, zamondoshlarimiz Iqbol Mirzo, Sirojiddin Sayyid, Muhammad Ali kabi yetakchi qalam sohiblari ijodi milliy tilimizga boʻlgan gʻurur va iftixorimizni yana-da oshiradi. Asrlar osha sayqallanib kelayotgan navolar bebaho ona tilimiz bilan ajib uygʻunlikda yana-da koʻproq joziba kasb etadi. Soʻzning, tilning masʼuliyatini sanʼatkor, hofiz teran his etgani bois mumtoz va zamonaviy musiqiy asarlarimiz nainki yurtimiz, balki xorijda ham tinglovchilar tomonidan sevib tinglanadi.
Albatta, qoʻshiqning jozibasi uning soʻzlari nechogʻli sermaʼnoligi, xonandaning har bir soʻzni zargarona ishlata bilishi bilan birga mukammal, toza talaffuz bilan ham belgilanadi. Afsuski, baʼzi xonandalar, ayniqsa, yoshlarimiz ijodida ona tilimizga boʻlgan beparvolik, soʻzlarni maʼnosini anglamagan holda qoʻllash, bilib-bilmay, notoʻgʻri talaffuz qilish hollari kuzatiladi. Qoʻshiq ijrosi jarayonida til qonuniyatlarini buzish, muxlislar bilan muloqot chogʻida ona tili qolib, oʻzga tilda soʻzlashish kabi holatlarni nazarimda hech qanday vaj bilan oqlab boʻlmaydi. Sanʼatkor maʼrifat, ziyo tarqatuvchisidir. Asriy anʼanalarimiz, milliyligimiz, boy va betakror oʻzbek tilimizdan unumli foydalanishimiz, uni qadrlashimiz va kelajak avlodga beshikast yetkazishimiz muhim.
Ona tilimiz – bebaho xazinamiz. Uni asrab-avaylash, hurmat bilan munosabatda boʻlish nainki tilshunoslar, olimlar, balki barchamizning muqaddas burchimizdir.