Bebaho meros
Andijonda “Temur tuzuklari – xalqimizning bebaho merosi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi oldidan Izboskan tumanidagi “Liderlar maktabi” nodavlat ta’lim muassasasida o‘tkazilgan tadbirda olimlar, ijodkorlar, o‘qituvchi va o‘quvchilar ishtirok etdi.

Dastlab xalqaro Amir Temur jamoat fondi viloyat bo‘limi rahbari, O‘zbekiston va Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmalari a’zosi Habib Siddiq buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur hayoti, faoliyati, shuningdek, tavalludining 690 yilligini keng nishonlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘zladi.

Shundan so‘ng Qo‘qon universiteti Andijon filiali katta o‘qituvchisi Buhajal Yunusova “Temur tuzuklari – xalqimizning bebaho merosi” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzada Temur tuzuklarining o‘zbek davlatchiligi tarixidagi ahamiyati, o‘rni, roli va tarbiyaviy ahamiyati, xalqimizning nodir ilmiy merosi ekanligi xususida keng ma’lumotlar berildi.

“Liderlar maktabi” direktori Shuhrat Shodmonaliyev, shoira Sayyora Soliyeva va boshqalar mavzu yuzasidan o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirdi.
Maktabning iqtidorli o‘quvchilari tomonidan Sohibqiron Amir Temur haqidagi asarlardan parchalar o‘qildi, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.