BBC APL tarixidagi eng yaxshi murabbiylar reytingini tuzib chiqdi
"Liverpul"ni uzoq tanaffusdan so‘ng APL chempioniga aylantirgan Yurgen Klopp beshinchi o‘rinni egalladi.
BBC Angliya Premyer-ligasi tarixida eng katta iz qoldirgan murabbiylar reytingini tuzdi. Unda "Manchester Yunayted" bilan ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan Aleks Fergyuson birinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi.
Shotlandiyalik mutaxassis "Manchester Yunayted" bilan APLda 13 marta chempion bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Fergyuson hamon turnir tarixidagi eng muvaffaqiyatli murabbiy hisoblanadi.
Reytingning ikkinchi pog‘onasiga "Manchester Siti"dagi faoliyati davomida Angliya futbolida hukmron jamoalardan birini shakllantirgan Pep Gvardiola joylashtirildi. Kuchli uchlikni esa "Arsenal"ning afsonaviy murabbiyi Arsen Venger yakunlab berdi.
Joze Mourinyo to‘rtinchi, "Liverpul"ni uzoq tanaffusdan so‘ng APL chempioniga aylantirgan Yurgen Klopp esa beshinchi o‘rinni egalladi. "Lester" bilan sensatsion chempionlikka erishgan Klaudio Ranyeri ham yuqori baholanib, oltinchi pog‘onadan joy oldi.
BBC talqinidagi kuchli o‘nlik:
- Aleks Fergyuson — "Manchester Yunayted"
- Pep Gvardiola — "Manchester Siti"
- Arsen Venger — "Arsenal"
- Joze Mourinyo — "Chelsi", "Manchester Yunayted"
- Yurgen Klopp — "Liverpul"
- Klaudio Ranyeri — "Chelsi", "Lester", "Fulxem", "Uotford"
- Kenni Dalglish — "Liverpul", "Blekbern", "Nyukasl"
- Roberto Manchini — "Manchester Siti"
- Mikel Arteta — "Arsenal"
- Karlo Anchelotti — "Chelsi", "Everton"