Bayram yarmarkalari ish boshladi
Andijon shahrida Yangi yil bayrami archalari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkalari tashkil etildi.
Andijon shahrida Yangi yil bayrami archalari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkalari tashkil etildi.
Shu kunlarda yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Andijonda ham Yangi yil bayrami shukuhi kezmoqda. Mehnat jamoalarida, ta’lim muassasalarida turli bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Aholining bayram dasturxoni yanada to‘kin bo‘lishi, ularni sifatli oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida viloyat va barcha tuman markazlarida bayram yarmarkalari tashkil etildi.
Qayta ishlash korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik hamda asalarichilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etayotgan yarmarkalarda ona zaminimizda yetishtirilgan saksonga yaqin turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xaridorlarga taklif etilayotir.
– Baliq mahsulotlari sotmoqdamiz, – deydi Ulug‘nor tumanidagi “Andijonbaliq” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Baxtiyor Ro‘zmatov. – Yurtdoshlarimizning bayram dasturxoni to‘kin bo‘lishiga hissa qo‘shayotganimizdan xursandmiz.
Bayramoldi yarmarkalarida mahsulotlar narxining bozorga nisbatan arzonligi aholiga manzur bo‘lmoqda.
– Uyimizga yaqin joyda tashkil etilgan yarmarka bizga katta qulaylik yaratmoqda, – deydi Andijon shahrida yashovchi Minura Mirzakarimova. – Ro‘zg‘or uchun zarur bo‘ladigan barcha mahsulotlarni shu yerdan arzon narxlarda xarid qilmoqdamiz.
Yangi yil yarmarkalarining ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov so‘zga chiqdi.