Bayram yarmarkalari aholiga manzur bo‘lmoqda
Yangi yil bayrami xalqimiz hayotida o‘ziga xos quvonch, ko‘tarinki kayfiyat va ezgu niyatlar bilan kutib olinadigan ayyomlardan biri hisoblanadi. Bu kunlarda har bir xonadonda bayramona dasturxon yozilib, bozorlarda savdo-sotiq yanada jonlanadi. Ayni paytda aholini sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, narx-navo barqarorligini saqlash masalasi dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Shu ma’noda, bayram arafasida o‘tkazilayotgan arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari aholi uchun qo‘shimcha qulaylik yaratib, keng jamoatchilik tomonidan ijobiy baholanmoqda. Jumladan, Qashqadaryo viloyati markazi – Qarshi shahridagi yirik savdo maskanlaridan biri sanalgan “Yerqo‘rg‘on” oziq-ovqat dehqon bozorida ham bayram munosabati bilan savdo yarmarkalari tashkil etilmoqda.
Yarmarkada dehqon va bog‘bonlar tomonidan yetishtirilgan sarxil meva-sabzavotlar, shuningdek, asal, sut mahsulotlari, tuxum, go‘sht, baliq va jami 60 turdan ortiq oziq-ovqat hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari aholiga nisbatan arzon narxlarda taklif etilmoqda. Bu esa bayram dasturxonini to‘kin qilish istagida bo‘lgan xaridorlar uchun ayni muddao bo‘lmoqda.
– Bozorimiz to‘kin, arzonchilik sezilib turibdi, – deydi qarshilik Akmal Ahmedov. – Kundalik ehtiyojlarim uchun bozorga chiqqan edim. Bayram yarmarkalari tufayli kerakli mahsulotlarni maqbul narxlarda xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ldim.
Ma’lum qilinishicha, bozor ma’muriyati tomonidan ham aholini bayram arafasida mahsulotlar bilan uzluksiz ta’minlash, sun’iy narx oshishining oldini olish maqsadida yetarlicha zaxira yaratilgan.
– Reja asosida 2 ming tonnaga yaqin qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxira qilingan, – deydi “Yerqo‘rg‘on” oziq-ovqat dehqon bozori raisi Toshturdi To‘rayev. – Omborlarimizda kartoshka, piyoz, sabzi, guruch kabi asosiy mahsulotlar mavjud. Yangi yil bayrami arafasida aholini arzon va sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash maqsadida bayram yarmarkalarini tashkil etdik. Eng muhimi joriy yilda bozor hududida sotuvchiyu xaridorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kun holatida barcha yo‘laklar beton va asfalt qilindi. Qo‘shimcha ayvonlar barpo etildi. Quyosh panellari o‘rnatilib, elektr ta’minoti ham yaxshilandi.
Ayni vaqtda bozor hududida xaridor va sotuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ilgari turli noqulayliklar tug‘dirgan muammolar bartaraf etilib, bozor infratuzilmasi yaxshilandi.
– Bu bozorga tez-tez kelib turaman, – deydi Qarshi tumanilik Zulayho Bahramova. – Keyingi yillarda amalga oshirilgan obodonchilik ishlari tahsinga loyiq. Yo‘laklar betonlashtirilgan, har qanday ob-havoda bemalol savdo qilish mumkin. Narx-navolar ham ancha hamyonbop.
[gallery-26927]
Xulosa qilib aytganda, arzonlashtirilgan bayram yarmarkalari aholi turmush farovonligini oshirish, bozorlarda barqarorlikni ta’minlash hamda bayram dasturxonlarini to‘kin qilishga xizmat qilmoqda. Bunday tashabbuslar esa xalq manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilayotgan amaliy islohotlarning yana bir yorqin namunasidir.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari