Bayram osuda o‘tishi barchamiz uchun muhim
Ostonada eshik qoqib turgan Yangi yil arafasida yurtimizning barcha shaharu qishloqlari bayram shukuhiga to‘lmoqda. Bunday bayramlarning fayzi, albatta, tinchlik va osoyishtalik bilan yanada oshadi.
Mamlakatimizda Yangi yil bayrami bilan bog‘liq tantanalar 240 dan ortiq ob’ektda o‘tkazilmoqda. Shuncha joyda bayram ramzi – katta archalar o‘rnatilgan. Muhimi, bunday hududlarda xavfsizlikni ta’minlash davlatimizning alohida e’tiborida.
Shu maqsadda huquq-tartibot organlarining 16 mingdan ziyod kuch-vositalari safarbar etilgan. Ichki ishlar organlari xodimlariga 7 ming 78 aloqa, 1 ming 482 avtotransport, 2 ming 251 metallodetektor, 677 metallorama hamda 285 bosh xizmat iti biriktirilgan.
Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Monitoring va muvofiqlashtirish markazida idoralararo va shahar-tumanlarda jamoat xavfsizligi xizmati negizida tezkor shtab va ishchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ular tomonidan “Yangi yil archalari” hududi, yo‘l-patrul xizmati maskanlari, jamoat tartibini saqlash xizmatining maxsus muassasalari, huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati muassasalari hamda asosiy chorraha va jamoat joylari nuqtalari onlayn kuzatilib, nazorat qilinmoqda.

Bayram tadbirlari o‘tkaziladigan ob’ektlar atrofiga intellektual videokameralar o‘rnatilib, monitoring markazlariga integratsiya qilingan.
Shu bilan birga, ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligida tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh yurtimiz bo‘ylab bevosita o‘rganish ishlarini olib bormoqda.
Poytaxtimizning Chilonzor va Uchtepa tumanlarida osoyishtalik qanday ta’minlanayotgani, aholining energiya resurslari bilan ta’minlanishi, avariyaviy va boshqa noxush holatlarni zudlik bilan bartaraf etish choralari ko‘zdan kechirildi.
Chilonzor tumani Ko‘tarma mahallasi “Poytaxt ziyo servis” boshqaruv servis kompaniyasi, Uchtepa tumani “Karavan” elektr podstansiyasi, “Uchtepatumangaz” bo‘limi hamda 5-sonli “Chilonzor issiqlik markazi” korxonasi faoliyati o‘rganildi.
Tadbir jarayonida mas’ullarga elektr ta’minoti bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarni uzluksiz va sifatli amalga oshirish, elektr uzilishlari va boshqa muammolarni zudlik bilan bartaraf etish, favqulodda holatlarning oldini olish hamda ish jarayonini takomillashtirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Chilonzor tumani “Katta navbahor” mahalla tayanch punkti, “O‘zavtovokzal servis” yo‘lovchi tashish jamoat birlashmasi hamda Uchtepa tumanida joylashgan 4-sonli ichki ishlar bo‘limi xodimlarining tungi xizmat faoliyati ko‘rib chiqildi.
Jarayonda mahalla ko‘chalari, ko‘p qavatli uylar yo‘laklari va jamoat joylarida videokuzatuv qamrovini oshirish, yuzaga kelayotgan kriminogen vaziyatni chuqur tahlil qilish, aholi muammolarni o‘rganish hamda bartaraf etish bo‘yicha “mahalla yettiligi” faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga e’tibor qaratildi.
Bayram tashkil etilayotgan maskanlar, istirohat bog‘lari va ko‘ngilochar maskanlarda aholiga benuqson xizmat ko‘rsatilishi va xavfsizlik choralari ta’minlanayotgani o‘rganildi va aniqlangan barcha kamchiliklar tanqidiy muhokama qilindi. Kelgusida xizmat faoliyatini takomillashtirishga oid maqsadli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Ishchi guruh a’zolarining kundalik o‘rganish ishlari mamlakatimizning boshqa hududlarida ham davom etmoqda.
Norgul Abduraimova, O‘zA