Bayden xayrlashuv nutqida nimalarga e’tibor qaratdi?
AQSH Prezidenti Jo Bayden qisqa xayrlashuv nutqi bilan Amerika xalqiga murojaat qilib, davlat rahbari sifatida erishgan yutuqlarini sanab o‘tdi. “RIA Novosti” u ma’ruzasida biror marta ham Rossiyani tilga olmaganiga e’tibor qaratdi.
Taxminan 15 daqiqa gapirgan Amerika yetakchisi Moskva va Vashington munosabatiga izoh bermagan.
Xalqaro kun tartibi haqida gapirarkan, Bayden NATOni mustahkamlash, Kiyevni qo‘llab-quvvatlash, Xitoy bilan raqobat va Yaqin Sharqdagi mojaro kabi mavzularga murojaat qilgan.
– Biz NATOni xorijda mustahkamladik, Ukraina erkinligicha qolmoqda, – degan siyosatchi.
Prezident G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv rejasi uning jamoasi tomonidan ishlab chiqilgani va kelishilganini ta’kidladi. Siyosatchi xayrlashuv nutqida quyidagi bayonotlarni ham berdi:
• AQSH “raqobat kurashida Xitoyni ortda qoldirdi;
• Mamlakatda iqtisodiy tengsizlik kuchaymoqda, boylik ozchilik qo‘lida to‘plangan;
• Vashingtonga texnologiya majmuasi rivojlanishi tahdid solishi mumkin;
• Prezidentlar jinoyati uchun javobgarlikdan qutulib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Konstitutsiyaga o‘zgarish kiritish kerak;
• Amerikaliklar yolg‘on xabar, noto‘g‘ri ma’lumot bilan to‘yintirilmoqda, bu holat hokimiyatni suiste’mol qilish uchun imkoniyat yaratmoqda.
Oq uyni tark etayotgan Prezident chiqishi so‘ngida vatandoshlarini mamlakatning asosiy qadriyatlarini asrab-avaylashga chaqirib, oilasi, xalqi va ma’muriyati a’zolariga minnatdorlik bildirgan. Shuningdek, mamlakatni boshqarishga kirishayotgan Donald Tramp jamoasiga omad tiladi.
Bayden amerikaliklarga murojaati oxirida mamlakat farovonligi yo‘lida qilgan 50 yillik xizmatidan keyin ham vatanining asosiy g‘oyalariga sodiq qolayotganini ta’kidladi:
– Men institutlari va xalqi tabiatida saqlanib qolayotgan kuch muhim hisoblangan mamlakat – Amerika qo‘llab-quvvatlayotgan g‘oyalarga hamon ishonaman. Bularning bari asrab-avaylanishi kerak.
Jo Baydenning vakolati muddati shu hafta tugaydi, Tramp 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan inauguratsiyada AQSHning navbatdagi Prezidenti sifatida e’lon qilinadi. Respublikachilar vakili to‘rt yillik demokratik boshqaruvdan so‘ng yana Oq uyga qaytmoqda.
S.Rahimov, O‘zA