Bayden ikkinchi muddatdan ko‘zlayotgan maqsadini ma’lum qildi
AQSH Prezidenti Jo Bayden “CBS” telekanaliga intervyu berib, Yaqin Sharq mojarosini hal qilish va Rossiya rahbariyatini yakson qilish uning ikkinchi muddat uchun asosiy maqsadi ekanini ta’kidladi, deb yozmoqda “RIA Novosti”.
“Eshiting, men nomzod ko‘rsatganimda “Dunyo burilish nuqtasida, degandim” - dedi Bayden.
Uning ta’kidlashicha, jahon inqiroziga daxldor so‘nggi voqealar, xususan AQSHdagi muammolar, Vakillar palatasi faoliyati to‘xtab qolishi, uning nomzodini yana ilgari surish qarorini o‘zgartirmagan.
Amerika yetakchisi quyidagi mazmunda qo‘shimcha qilgan:
– Dunyo o‘zgarmoqda, biroq bizda maqsadlarimizni amalga oshirish imkoniyati bor. Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatishimizni tasavvur qiling. O‘ylashimcha, biz shunday qila olamiz.
Shuningdek, u Prezidentlikning ikkinchi muddatiga saylanadigan bo‘lsa, Rossiyani yanchib tashlash uchun Yevropani birlashtirish zarurligi haqida ham gapirgan.
– Butun Yevropani birlashtirib, Putinni yakson qilishimiz kerak-ki, nihoyat u hozirgacha keltirib chiqargan muammolarini boshqa takrorlamasin, – degan Bayden. – Bizda dunyoni yanada yaxshi qilish uchun ulkan imkoniyat mavjud.