Baxtimiz qomusi qabul qilingan kun keng nishonlanmoqda
Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 28 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi o‘rinbosarlari, tashkilot, korxona va muassasalar. huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari va OAVlari xodimlari ishtirok etgan tadbirda viloyat hokimi Kobul Tursunov so‘zga chiqdi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan davr mobanida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yurtimizda huquqiy demokratik davlat, fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotni qurish, dunyo maydonida esa davlatimizning xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida faoliyat yuritishi uchun mustahkam asos yaratdi.
− Iqtisodiyotimizning asoslari bo‘lgan bir qator ko‘rsatgichlar, xususan, aholi jon boshiga nisbatan yalpi hududiy mahsulot, sanoat mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi, kapital quyilmalar, pudrat ishlari, chakana savdo, xizmatlar hajmlari, eksport yo‘nalishlarida mamlakat miqyosida lokomotivlar qatorida ekanligimiz barchamizni g‘ururlantiradi, − deya ta’kidladi viloyat hokimi.
[gallery-325]
Navoiy viloyatida yuzdan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek hayot kechirmoqda. Ularning millati, tili, dini va kelib chiqishidan qat’iy nazar bir xil sharoit va imkoniyat yaratib berilmoqda.
− Viloyatimizning o‘nlab ta’lim dargohlarida darslar qoraqalpoq, qozoq, rus, tojik, turkman tillarida olib borilishining yo‘lga qo‘yilishi milliy bag‘rikenglik va konstitutsion huquq ta’minlanishining yorqin ifodasidir − deydi xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi deputati, Navoiy shahridagi 3-umumta’lim maktabi direktori Feruza Fayziyeva. − Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “uchinchi renassans” sari qo‘yilgan mustahkam poydevorning zalvorli odimlari ham aynan ta’lim tarbiyadan boshlandi. Qolaversa, joriy yilda bitirgan o‘quvchilarimizning respublikadagi mavjud oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatgichi bo‘yicha birinchi o‘rinda ekanligi ham viloyatda ta’lim tizimiga berilayotgan e’tiborning bir ko‘rinishidir.
Tantanali marosimda ijro etilgan Vatanni, ona yurtni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar, jozibali raqslar va sahna ko‘rinishlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.
Baxtimiz Qomusi qabul qilingan kun viloyatning barcha tuman va shaharlarida, tashkilot va korxonalarida keng nishonlanmoqda.
Abduvali BO‘RIEV, Siroj Aslonov (foto), O‘zA