Baxmalda harbiylar festivali o‘tkazildi
Jizzax viloyatining Baxmal tumani “Vatanparvar” mahalla fuqarolar yig‘inida “Maxsus operatsiya kuchlari tashkil topgan kun” munosabati bilan “Yosh harbiylar festivali” bo‘lib o‘tdi.

Unda Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, Baxmal tumani hokimligi, tuman mudofaa bo‘limi, “n” harbiy qism xizmatchilari, ularning oila a’zolari va yoshlar ishtirok etdi.

Xizmat vazifasida boshqalarga namuna bo‘layotgan bir guruh harbiy xizmatchilar Markaziy harbiy okrugning faxriy yorliqlari, Baxmal tuman hokimligining qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi. So‘ng harbiy xizmatchilarning turmush o‘rtoqlari o‘rtasida sportning arqon tortish, armrestling, yugurish turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.

Ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan “Kimning palovi mazali?” o‘zbek milliy taomini tayyorlash bo‘yicha tashkil etilgan tanlov “qo‘li shirin” oshpazlarni aniqlashga yordam berdi.

Harbiy xizmatchilarning o‘g‘il-qizlari tomonidan ijro etilgan she’r, qo‘shiq, raqs va musiqalar ishtirokchilarga yuqori kayfiyat ulashdi.
Festival konsert dasturi bilan yakunlandi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA