Baxmal bozorida 1 kilogramm shakar qanchadan sotilmoqda?
Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatining Baxmal tumani markazi O‘smat shaharchasidagi dehqon va buyum bozorida ba’zi “ishbilarmonlar” vaziyatdan unumli foydalanib, boylik orttirish maqsadida 1 kilogramm shakarni 15 ming so‘m, paxta yog‘ining 4 kilogrammini 75 ming so‘mdan sotayotgani, Xorazmdagi shakar ishlab chiqaradigan yirik zavod, deyarli har bir viloyatda paxta va boshqa o‘simlik yog‘i ishlab chiqaradigan katta-kichik korxonalar ishlab turgan bo‘lsa-da, Baxmal bozorida xohlagan kishi o‘z mahsulotini xohlagan narxda sotmoqda, degan mazmundagi xabar tarqaldi.

Shamol bo‘lmasa – daraxtning uchi qimirlamaydi, deydi xalqimiz. Ehtimol mutasaddi idoralarning e’tiborsizligi sabab, ba’zi olib-sotarlar turli bahonalar bilan vaziyatdan unumli foydalanib qolgandir, degan o‘yda Baxmal tuman hokimligi matbuot xizmati bilan bog‘landik. “Tuman hokimligi, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning tuman bo‘limi, tuman davlat soliq inspeksiyasi, mutasaddi idoralar hamda jamoatchilik vakillaridan tashkil topgan maxsus komissiya zudlik bilan tuman dehqon va buyum bozorlaridagi, nafaqat shakar va paxta yog‘i, balki boshqa mahsulotlarning ham narx-navolarini o‘rganib chiqdi va narxlarni sun’iy ravishda oshirmaslik borasida keng qamrovli targ‘ibot ishlari olib borilib, ayniqsa, kundalik oziq-ovqat mahsulotlarining narxi qat’iy nazoratga olindi.

Ayni paytda tumandagi va O‘smat shaharchasidagi bozorda 1 kilogramm paxta yog‘i 14 ming 500, 1 kilogramm shakar 9 ming 500 so‘mdan sotilayotganini ma’lum qilamiz”, deyiladi tuman hokimligi matbuot xizmati tomonidan bildirilgan munosabatda. Shuningdek, munosabatda tuman aholisiga murojaat qilinib, mahsulotlar narxini sun’iy ravishda oshirish holatlariga duch kelingan paytda, zudlik bilan mutasaddi tashkilotlarning ishonch telefonlariga xabar qilishlari, aybdor kimsalarga amaldagi qonunlarimizda belgilangan tartibda jiddiy choralar ko‘rilishi ham ta’kidlangan.
A.Qayumov, O‘zA