Basketbol Vatani vakillari Toshkentda
Poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 211-sonli umumtaʼlim maktabiga “Harlem Globetrotters” basketbol jamoasi tashrif buyurdi.
Poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 211-sonli umumtaʼlim maktabiga “Harlem Globetrotters” basketbol jamoasi tashrif buyurdi.
Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan AQSHning mamlakatimizdagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tashrif doirasida yoshlar oʻrtasida basketbol boʻyicha oʻquv oʻyinlari hamda maktablarda bullingga (zoʻravonlikka) qarshi “T.Ye.A.M, Up at School” dasturi asosida mahorat darsi va seminar-treninglar oʻtkazilishi belgilangan.
Bundan koʻzlangan maqsad oʻquvchilarda jamoaviy ishlash, stress va emotsional holatni boshqarish, bu orqali bullingga qarshi kurashish koʻnikmasini shakllantirishdan iboratdir.

Mashgʻulotlar va bullingga qarshi dasturdan tashqari “Harlem Globetrotters” jamoasi 26, 28 va 30 may kunlari Toshkentdagi “Humo Arena” majmuasida “Washington Generals” jamoasi bilan musobaqa oʻtkazadi. Eʼtiborli jihati, shu tariqa jamoa dunyoning 124 mamlakatiga tashrif buyurib, Ginnes rekordini yangilaydi.
Maʼlumotlarga koʻra, “Harlem Globetrotters” yaxshi niyat elchilari sifatida 1950 yildan buyon AQSH davlat departamenti bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Ayni paytda “Harlem Globetrotters” Amerikaning noyob basketbol jamoasi boʻlishi bilan bir qatorda millionlab odamlarni basketbolga oshno etib, olti qitʼada oʻzaro doʻstlik va bir-birini tushunish tuygʻularini mustahkamlashga hissa qoʻshmoqda. 2003 yildan buyon davlat departamentining taʼlim va madaniyat masalalari byurosi “Sport elchilari” dasturi doirasida 250 nafar amerikalik sportchilarni 85 dan ortiq mamlakatga yubordi.
Basketbolchilarning Namangan, Fargʻona va Andijon viloyatlarida boʻlishi ham rejalashtirilgan.
