“Bashakshehir” Trabzonda yutqazdi, Shomurodovning goli yetarli bo'lmadi
8-daqiqada Muhammad Saloh mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqdi.
Eldor Shomurodov Turkiya Superligasining yangi mavsumidagi 2-golini urdi, biroq uning goli “Istanbul Bashakshehir”ga ochko olib kelmadi. 2-turda safarda “Trabzonspor”ga qarshi maydonga tushgan Istanbul klubi 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.
8-daqiqada Muhammad Saloh mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. “Bashakshehir”ga javob qaytarish uchun ko‘p vaqt talab qilinmadi. 19-daqiqada mehmonlar penalti tepish huquqini qo‘lga kiritdi va 11 metrlik zarbani Shomurodov bexato amalga oshirdi — 1:1.
Ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan “Trabzonspor” yana tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. 48-daqiqada Ernest Muchining uzatmasidan foydalangan Saloh uchrashuvdagi ikkinchi golini urdi va mezbonlarni yana oldinga olib chiqdi.
Qolgan daqiqalarda “Bashakshehir” mag‘lubiyatdan qutulishga harakat qildi, ammo “Trabzonspor” hisobdagi ustunligini final hushtagigacha saqlab qoldi.
“Bashakshehir” safida O‘zbekiston milliy jamoasining ikki vakili — Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev uchrashuvni asosiy tarkibda boshladi. Shomurodov gol bilan ajralib turgan bo‘lsa, Fayzullayev 58-daqiqada zaxiraga olindi va uning o‘rniga Devi Zelke maydonga tushdi.
Ikki turdan keyin “Trabzonspor” hisobida 4 ochko mavjud. “Bashakshehir” esa 3 ochko bilan qoldi.