Barqaror o‘rmon landshaftlari tiklanadi
Prezidentimizning 2024-yil 27-martdagi “Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Termiz shahrida “O‘rmon hududlarida o‘tkazilgan ekologik tasniflash natijalari: o‘rmon xo‘jaliklarida innovatsiyalar va zamonaviy yondashuvlarni joriy etishning amaliy tavsiyalari” mavzuiga bag‘ishlangan seminar-trening mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.
Seminarning ochilishida O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi direktori E. Muxitdinov, “Yashilloyiha” davlat muassasasi loyihalash instituti direktori O. Haqimov, Jahon bankining LAOG (manfaatdor tomonlarni jalb etish rejasi) rahbari Sh. Tojiboyev va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda so‘nggi yillarda yashil boyliklarni oshirish, zamonaviy innovatsion yondashuvlarni joriy etish, o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish hamda ekologik muvozanatni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar o‘rmon fondi yerlaridan samarali foydalanish, ularni muhofaza qilish va qayta tiklash borasida o‘z ijobiy natijasini berayotgani qayd etildi.
[gallery-29381]
Hozirgi kunda tabiiy resurslarga bosimning ortib borishi, iqlim o‘zgarishi oqibatlari, tuproq, shamol va suv eroziyasi, yaylovlar degradatsiyasi hamda suv resurslarining kamayib borayotgani o‘rmon xo‘jaligi sohasida ilmiy asoslangan, zamonaviy va barqaror yondashuvlarni joriy etish zaruratini kuchaytirmoqda.
Shu munosabat bilan soha mutaxassislari, mahalliy aholi va benefitsiarlarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar, shuningdek, innovatsion yechimlar bilan tanishtirish ustuvor vazifalardan biriga aylanmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 27-martdagi “Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash uchun O‘rmon agentligi va “Yashilloyiha” loyihalash instituti o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Shunga ko‘ra, mamlakatimizning oltita viloyatidagi 250 ming gektar yer maydonini ekologik tasniflash natijalari, o‘rmon xo‘jaliklarining boshqaruv rejalarini ilmiy asosda tahlil qilish hamda o‘rmon landshaftlarini tiklash istiqbollarini baholashning ROAM (qayta tiklash imkoniyatlarini baholash metodologiyasi) bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni keng jamoatchilikka yetkazish uchun seminar-trening o‘tkazilmoqda.
Surxondaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan tadbirda ishtirokchilarga soha mutaxassislari va olimlar, ekspertlar ekologik tasniflashning mazmun-mohiyati, hududlarni ekotizim sifatida kompleks baholash usullari, qaror qabul qilish jarayonlarida ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash tamoyillari haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Mashg‘ulotlar chog‘ida nazariy bilimlarni amaliy jihatdan mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilib, yaylovlar holatini dastlabki baholash, degradatsiyaga uchragan maydonlarni qayta tiklash, dala ishlarini tashkil etish, ma’lumot to‘plash va tahlil qilish, hududlarning real holatini aniqlash kabi dolzarb masalalar yuzasidan atroflicha ma’lumot berilib, ularning ko‘nikma va bilimlari oshirildi.
Seminar-trening doirasida tabiiy resurslarni muhofaza qilish va tiklashga bag‘ishlangan yo‘nalishda suvni tejovchi texnologiyalar, tog‘li hududlarda tuproq eroziyasiga qarshi kurashish choralari hamda o‘rmon ekotizimlarini barqaror saqlash mexanizmlari muhokama etildi. Ushbu yondashuvlar ishtirokchilarga mavjud muammolar mohiyatini chuqur anglash va ularni hal etishga qaratilgan samarali yechimlar bilan yaqindan tanishish imkonini yaratdi.
Mashg‘ulotlarda agroo‘rmonchilikni joriy etish orqali yer resurslaridan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlik va iqtisodiy samaradorlik o‘rtasida muvozanatni ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, o‘rmon va qishloq xo‘jaligini integratsiyalashgan holda rivojlantirish, mahsulot turlarini kengaytirish, ichki va tashqi bozorlarga chiqish hamda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash imkoniyatlari tahlil etildi. Sanoatbop o‘rmonzorlar va dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etish, tabiiy tiklanish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha fikr almashildi.
Tinglovchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish ekologik hamda iqtisodiy jihatdan samarali loyihalarni ishlab chiqishga xizmat qiladi. Bu esa tog‘li va sharoiti og‘ir hududlarda ishbop yog‘och hamda o‘tin mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, dorivor o‘simliklar yetishtirish orqali aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish imkonini beradi. Natijada hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga hissa qo‘shiladi.
Seminar-trening davomida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan savol va takliflarga javob qaytarildi, istiqbolli tashabbuslar ilgari surildi. Tavsiyalar kelgusida o‘rmon xo‘jaliklarida ekologik tasniflash natijalarini amaliyotga tatbiq etish, innovatsion yondashuvlardan foydalanish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Loyiha doirasida belgilangan vazifalar ijrosi ta’minlanib, soha mutaxassislarining salohiyati yanada mustahkamlanadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat)
O‘zA muxbirlari