Barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash loyihasi amalga oshirilmoqda
“Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJda quvvati 650 megavatt bo‘lgan yangi bug‘-gaz qurilmasi barpo etilmoqda. Hozirda qurilish, montaj ishlari davom etmoqda.
Mazkur loyihaning ishga tushirilishi natijasida esa yiliga 4 milliard 786 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu esa barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi. Hozirda qurilish jarayoniga 4700 nafar mahalliy va xorijiy mutaxassislar, shuningdek, 185 ta maxsus texnika jalb etilgan.

Zamonaviy texnologiyalar asosida barpo etilayotgan majmuada yoqilg‘i energiyasidan samarali foydalanish va qo‘shimcha elektr energiyasini ishlab chiqarish imkoniyati ham yaratiladi. Loyihaning umumiy qiymati yetti yuz 786,7 million dollarni tashkil etadi. Uchinchi bug‘-gaz qurilmasining barpo etilish loyihasida dunyoda mazkur sohada yetakchi bo‘lgan Yaponiya kompaniyalari tomonidan zamonaviy gaz va bug‘ turbinalari, utilizator qozon qurilmalari o‘rnatilmoqda.

- Loyihada qurilish ishlari eng muhim bosqichga yetgan, - deydi korxona mas’ul xodimi Bahodir Jamolov. - Ayni paytda asosiy e’tibor quvur tarmoqlari va elektr ishlariga qaratilmoqda. Tajriba-sinov ishlarini dekabr oyida amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Bu yerda Yaponiyaning “Mitsubishi Power” kompaniyasi tomonidan yetkazib berilgan gaz turbinasi qo‘llanilmoqda. U dunyodagi eng yuqori samaradorlikka ega gaz turbinalaridan biri hisoblanadi. Shuning uchun mazkur bug‘-gaz elektr stansiyasida biz elektr energiyasini ishlab chiqarishning yuqori darajadagi samaradorligiga erishamiz.

Yangi quvvatlarning ishga tushirilishi mamlakat energetika tizimining barqarorligini mustahkamlash, sanoat korxonalarining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash hamda aholi uchun ishonchli elektr ta’minotini yo‘lga qo‘yish uchun xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri