Barkamol yoshlar - Yangi O‘zbekiston bunyodkorlaridir
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Murojaatnomasi xalqimiz hayotida yangi sahifani ochib berdi. Davlatimiz rahbari 2020 yilda O‘zbekistonda amalga oshirilgan ulkan islohotlarni tahliliy bayon qildilar. Prezidentimiz pandemiya va turli texnogen ofatlarga qaramay, O‘zbekiston 2020 yilda ko‘plab ijobiy natijalarga erishgan kamdan-kam davlatlardan biri bo‘lganini va bu yutuqlar xalqaro miqyosda e’tirof etilganini ta’kidladilar.
Davlatimiz rahbari mamlakat taraqqiyotida ta’lim va tarbiyaning o‘rni beqiyos ekaniga alohida e’tibor qaratib, Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiyadan boshlashini yana bir bor qayd etdilar. Murojaatnomada yangi O‘zbekistonni har tomonlama yetuk va bilimli yoshlar bilan birgalikda barpo etish ustuvor vazifa etib belgilandi. Prezidentimiz tashabbuslari bilan 2021 yil – Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili deb e’lon qilingani, har bir fuqaro, xususan, biz ta’lim sohasi vakillariga alohida quvonch-iftixor baxsh etdi.
Davlatimiz rahbari Murojaatnomada 2021 yilda mazkur yo‘nalishda amalga oshiriladigan ishlarga, amalga oshiriladigan vazifalar haqida to‘xtalib o‘tdilar. Bu borada bola tug‘ilganidan to 30 yoshgacha yetgunicha qamrab olinadigan milliy tizim yaratish strategik vazifa etib belgilandi. Mazkur ustuvor vazifani amalga oshirish yo‘lida maktabgacha ta’limni rivojlantirish, maktab ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, bolalarda tahliliy va kreativ fikrlarini rivojlantirish. bolaga ortiqcha yuklama bermaydigan mutlaq yangi Milliy ta’lim tizimni yaratish, 30 ta yangi maktab, 10 ta Prezident maktabi barpo etish. 320 maktabni ta’mirlash va moddiy texnik bazasini mustahkamlash, Kimyo-biologiya va axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan 197 ta maktab barpo etish, oliy ta’limni rivojlantirish borasidagi ishlarni davom ettirish, Toshkentda eng zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi universitet qurish va bu orqali yoshlarni xorijda emas, o‘z ota-onasi bag‘rida eng zamonaviy bilimlarga ega bo‘lishi uchun sharoit yaratish kabi ishlar amalga oshirilishi ta’kidlandi.
Men ta’lim tizimi vakili sifatida Prezidentimiz Murojaatnomasida o‘qituvchi va murabbiylarga alohida e’tibor berilganidan juda mamnun bo‘ldim. Qalbim g‘urur va iftixorga to‘ldi. Davlatimiz rahbarining: «Jamiyatda o‘qituvchi kasbi eng nufuzli va obro‘li kasb bo‘lishi lozim. Muallimlarimiz bolalarga ta’lim berish o‘z kasblaridan boshqa narsalar haqida o‘ylamasligi uchun davlat barcha sharoit yaratib berishi zarur. Yillar o‘tadi, vaqt o‘tadi. Bu qilgan ishlarimiz o‘zining juda katta natijasini berishiga men ishonaman» degan so‘zlari, fikrimcha, bugungi kunda har bir ustoz va murabbiyning kundalik dasturiga aylanishi lozim.
Biz ta’lim sohasi vakillari Yurtboshimiz tomonidan bildirilgan yuksak ishonchga mas’uliyat bilan yondashish, uni oqlash yo‘lida bor iqtidor va salohiyatimizni ishga solishimiz bugungi murakkab davrning dolzarb vazifasidir.
Prezidentimiz ustoz va murabbiylarga beriladigan imtiyozlar haqida to‘xtalib, o‘zi yashayotgan tumandan boshqa tumanga boradigan o‘qituvchiga 50 foiz, o‘z viloyatidan boshqa viloyatga borib dars beradigan o‘qituvchi uchun 100 foiz ustama haq to‘lanishini e’lon qildilar. Maktablarda sinf rahbarligi uchun to‘lanadigan ustamalarning 1,5 barobarga oshirilishini qayd etdilar.
Davlatimiz rahbari ishonchiga munosib bo‘lish, Murojaatnomada alohida ta’kidlangan: «Dovyurak va botir insonlar kelajakda sodir bo‘ladigan qiyinchiliklardan qo‘rqmaydilar» va «Quyoshlik istasang kasbu kamol et» kabi ulug‘ ajdodlarimizning asrlar sinovidan hikmatlarga amal qilishimiz, qiyinchiliklardan cho‘chimasdan o‘z ustimizda muntazam ishlash bilan, eng zamonaviy, yangi ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘zlashtirish bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etishga o‘zining munosib hissasini qo‘shadigan har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalashimiz shonli tariximiz, saodatli bugunimiz oldimizga qo‘ygan va munavvar istiqbolimiz yo‘lida o‘ta muhim, kechiktirib bo‘lmas va eng dolzarb burchimizdir.
Saidafzal Saidjalolov,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi katta o‘qituvchisi