“Barkamol avlod”: mahoratlilar munosib taqdirlandi
Yuqori Chirchiq tumanidagi “Millatlar do‘stligi” madaniyat saroyida “Barkamol avlod bolalari” festivalining Toshkent viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
An’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad “Barkamol avlod” bolalar maktablarida tashkil qilingan 7 ta yo‘nalish bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash, ularni ma’naviy va moddiy rag‘batlantirish hamda kelajakda o‘z tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha kasb-hunar egallashlariga ko‘maklashishdir.

Festivalning viloyat bosqichiga 12 mingdan ziyod o‘quvchilar qamrab olindi. Aynan, quyi bosqichlardan yuqori ko‘rsatgichlarga ega bo‘lgan 21 nafar o‘quvchi viloyat bosqichiga saralandi.
Tadbir davomida o‘tgan o‘quv yilida ijobiy natijalarga erishgan, o‘quvchilar Respublika va xalqaro tanlovlarda ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan tuman, shahar “Barkamol avlod” bolalar maktabi rahbarlari va xodimlari ham moddiy rag‘batlantirildi. Festivalda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ul xodimlari el sevgan san’atkorlar ishtirok etdi.

Hozirda, Toshkent viloyati bo‘yicha 2023-2024 o‘quv yili davomida “Barkamol avlod” bolalar maktablariga 7 ta yo‘nalish bo‘yicha jami 32 ming 473 nafar o‘quvchi qamrab olingan. Bu jami maktab o‘quvchilari soniga nisbatan 6,2 foizni tashkil qilib, 2020 yilga nisbatan 6 barobar qamrov oshirilganini ko‘rsatadi. 2024-2025 o‘quv yilida esa o‘quvchilar qamrovini yanada oshirish rejalashtirilgan.
Festivalning yakuniga ko‘ra, yo‘nalishlar kesimida eng faol to‘garak rahbarlari tanlab olindi. Xususan, “Madaniyat va san’at” yo‘nalishining “Folklor” to‘garagi bo‘yicha birinchi o‘rin Chirchiq shahardan Nurmuhammad Baxtiyorovga loyiq ko‘rildi. Ikkinchi o‘rin Bo‘stonliq tumanidan Jaysan Tojiboyevaga uchinchi o‘rin esa Bo‘ka tumanidan Qosimxonova A’loxon Qosimxon qiziga nasib qildi.

O‘tgan qisqa davr mobaynida “Barkamol avlod” bolalar maktablarining o‘quvchi-yoshlari uchun eng IT, robototexnika, zamonaviy to‘garaklar ta’limi yo‘lga qo‘yilgan. Natijada yangi pedagogik texnologiyalar samarali foydalaniladigan innovatsion ta’lim-tarbiya markazi darajasiga erisha oldi.
Shuni alohida e’tiborga olib, festivalda “Texnika, konstruktorlik va modellashtirish” yo‘nalishining “Robototexnika va konstruktorlik” to‘garagi bo‘yicha ham g‘oliblarni aniqlash hakamlarga biroz qiyin bo‘ldi. Jumladan, birinchi o‘rinni Angren shahridan Odilxon Ne’matov, ikkinchi o‘rinni O‘rta Chirchiq tumanidan Ulug‘bek Avazxo‘jayev va uchinchi o‘rinni Bekobod tumanidan Azizbek Abdukarimov qo‘lga kiritdi.


A. Musayev, O‘zA.