Barchasi inson qadri uchun
3 dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Nurafshon shahridagi «Yoshlar markazi» binosida Toshkent viloyati hokimligi tashabbusi bilan «Inson qadri uchun» shiori ostida xayriya aksiyasi o‘tkazildi.
Unda Toshkent viloyati hokimligi mas’ullari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, hududda yashovchi nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalar, mehnat faxriylari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirda Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev so‘z olib, viloyatda joriy yilning dekabr oyida «Inson qadri uchun» shiori ostida xayriya aksiyasi e’lon qilinganini ta’kidlab, mazkur oylikda barchani faol ishtirok etishga chorladi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni har jihatdan ijtimoiy himoyalash, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida to‘laqonli ishtirok etishlari uchun sharoit yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda. Bu kabi sa’y-harakatlarni muntazam ravishda amalga oshirish maqsadga muvofiqligi aytib o‘tildi.
Tadbirda ixtisoslashtirilgan maktab internatlarida ta’lim olayotgan nogironligi bo‘lgan o‘quvchilarning qo‘l mehnati bilan yaratilgan buyumlarning savdo yarmarkasi tashkil etildi.
Aytish joizki, aksiyadan tushgan mablag‘lar viloyatdagi nogironligi bo‘lgan fuqarolarning sog‘lig‘ini tiklash, nogironlarni protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlash kabi xayrli ishlarga yo‘naltiriladi.
A.Musayev, O‘zA.