Barchasi aholi farovonligi uchun
Davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Qabul qilinayotgan qonun hujjatlarida ularning huquqlari kafolatlanib, imtiyozlar, yengilliklar taqdim etilmoqda. Berilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib faoliyatini kengaytirayotgan, yangi ish o‘rinlari yaratayotgan tadbirkorlar soni ko‘paymoqda.
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida joriy yilning birinchi yarimida hududiy investitsiya dasturi doirasida qiymati 287,5 milliard so‘mlik 27 ta loyihalar ishga tushirildi. 507 ta ish o‘rni yaratildi.


– “Demo Klean” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 5,5 milliard so‘m bo‘lgan yuvish vositalari ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi, – deydi tuman hokimining matbuot kotibi Mansur Jo‘rayev. – “Yorqin Xurshid Tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan avtomobillar o‘rindiqlari uchun qoplamalar tikish loyihasi kengaytirilishi evaziga 20 nafar g‘ijduvonlik yoshlar ishli bo‘ldi. “Sohib Hoshim Farrux” xususiy korxonasi tomonidan tashkil etilgan bolalar davolanish maskanida 10 kishi ishli bo‘ldi. “Shodiyev Oliy Tafakkur Akademiyasi” nodavlat ta’lim muassasasi tomonidan 500 o‘rinli zamonaviy maktab tashkil etilishi natijasida 30 yangi ish o‘rni yaratildi. Bundan tashqari, yil yakuniga qadar umumiy qiymati 720 milliard so‘mlik 100 dan ortiq loyihalar ishga tushirilishi evaziga 2 mingta yangi ish o‘rni tashkil etilishi rejalashtirilgan. Mazkur loyihalar ishga tushishi evaziga yiliga 425 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqariladi. 18 million dollarlik eksport amalga oshiriladi. Shuningdek, mahalliy byudjetga 40 milliard so‘m tushishi ta’minlanadi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri