Bank xizmatlariga bag‘ishlangan o‘quv seminari o‘tkazildi
Bugun mahalla — shunchaki aholi istiqomat qiladigan hudud emas. U insonning dardi eshitiladigan, tashabbusi qo‘llab-quvvatlanadigan, oilaviy tadbirkorlikka yo‘l ochiladigan, yangi ish o‘rinlari yaratiladigan va aholi farovonligi ta’minlanadigan muhim ijtimoiy-iqtisodiy maskanga aylanmoqda.
Davlat rahbari tashabbusi bilan mahallalarni har tomonlama rivojlantirish, aholi daromadlarini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda moliyaviy xizmatlarni aholiga yanada yaqinlashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, mahallada faoliyat yuritayotgan mas’ullarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni zamonaviy bank xizmatlari bilan yaqindan tanishtirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.
Shu maqsadda Buxoro viloyatida AT “Xalq banki”ga biriktirilgan mahallalarda faoliyat olib borayotgan ijrochi-yordamchi agentlar uchun “Bank va bank xizmatlaridan hamda bankomatlardan to‘g‘ri foydalanish qoidalari” mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi.
Seminarda AT “Xalq banki” Buxoro viloyati mintaqaviy markazining Ayollar va oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha boshlig‘i o‘rinbosari N. Latipova so‘zga chiqib, bugungi kunda mahallalarda bank xizmatlarini ommalashtirish, aholiga qulay va zamonaviy moliyaviy xizmatlarni yetkazishda ijrochi-yordamchi agentlarning o‘rni tobora ortib borayotganini ta’kidladi.

Zero, zamonaviy bank xizmatlaridan foydalanishni bilish — bu faqat qulaylik emas, balki insonning o‘z mablag‘ini himoya qilishi, moliyaviy xavfsizligini ta’minlashi va yangi imkoniyatlardan unumli foydalanishi uchun ham muhim omildir. Shu bois seminar davomida nazariy ma’lumotlar bilan cheklanib qolinmay, ishtirokchilarga hayotiy misollar asosida amaliy tushunchalar berildi.
Xususan, bankomat nima va undan qanday to‘g‘ri foydalanish kerak? Bankomat va POS-terminal orqali qanday amaliyotlarni amalga oshirish mumkin? PIN-kodni qanday asrash lozim? Firibgarlarning tuzog‘iga tushib qolmaslik uchun nimalarga e’tibor berish kerak? SMS-xabarnomalar mablag‘lar ustidan nazoratni qanday ta’minlaydi? Karta bankomatda qolib ketsa nima qilish kerak? Qaysi holatlarda bankomat kartani “yutib” yuborishi mumkin? Bunday vaziyatda qanday harakat qilish lozim? Bankomatdan foydalanish jarayonida qaysi xatolarni aslo takrorlamaslik kerak?
Ana shu savollarning har biriga aniq va tushunarli javoblar berilib, ishtirokchilarning amaliy ko‘nikmalari mustahkamlandi.

Ayniqsa, “Pulingizni va kartangizni firibgarlardan qanday asrash mumkin?” mavzusiga alohida e’tibor qaratildi. Bugun axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bir paytda moliyaviy firibgarliklarning yangi usullari paydo bo‘layotgani, shuning uchun har bir fuqaro bank kartasi, PIN-kodi va SMS orqali keladigan tasdiqlash kodlarini himoya qilishi zarurligi tushuntirildi.
Seminarning yana bir muhim jihati shundaki, unda bank xizmatlarini aholiga yetkazishning o‘ziga xos «mahalla modeli»ni yanada takomillashtirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Chunki mahalladagi har bir xonadonning ehtiyoji, har bir oilaning imkoniyati, tadbirkorlik qilish istagi yoki moliyaviy ko‘makka bo‘lgan ehtiyoji turlicha. Shu nuqtai nazardan, mahalla bankirlari va ijrochi-yordamchi agentlar nafaqat bank xizmatlarini tushuntiruvchi, balki aholi bilan bank o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik vazifasini ham bajaradi. Ular orqali aholi kredit, mikromoliya, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, o‘zini o‘zi band qilish, daromad manbaini yaratish kabi imkoniyatlar haqida zarur ma’lumotlarga ega bo‘ladi.
Seminarning ikkinchi qismida 1-o‘rinbosarlar hamda mahalla bankirlarining kundalik faoliyati bilan bog‘liq muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, “Dolzarb 40 kunlik” doirasida hududlarga biriktirilgan mas’ullar tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar batafsil tushuntirildi. Shuningdek, “Tayanch mahalla” va “Ixtisoslashgan mahallalar klasteri” loyihalarini amalga oshirishda yangicha yondashuvlarni joriy etish, mahallalarning mavjud salohiyatidan samarali foydalanish, aholining daromad manbalarini kengaytirish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan amaliy qo‘llanmalar berildi. Mazkur vazifalarning har bir bandi ishtirokchilarga batafsil o‘qib eshittirilib, ularni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Bunday o‘quvlardan ko‘zlangan maqsad aslida juda oddiy, ammo mazmunan ulkan: mahallaga yaqinlashgan bank — aholiga yaqinlashgan imkoniyat demakdir.
Agar mahalla bankiri o‘z vazifasini puxta bilsa, u bir oilaning tadbirkorlik tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Agar ijrochi-yordamchi agent zamonaviy bank xizmatlaridan xabardor bo‘lsa, u fuqaroni ortiqcha ovoragarchilikdan asraydi. Agar aholi moliyaviy savodxon bo‘lsa, firibgarliklardan himoyalanadi va o‘z mablag‘idan oqilona foydalanishni o‘rganadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri