Bank xizmatlari ko‘rgazmasi
Farg‘onada “BankExpo – 2015” bank texnologiyalari, asbob-uskunalari va xizmatlari milliy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tijorat banklari, yetakchi sug‘urta kompaniyalari o‘zlarining mahsulot va xizmatlarini namoyish etdi.
Farg‘onada “BankExpo – 2015” bank texnologiyalari, asbob-uskunalari va xizmatlari milliy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tijorat banklari, yetakchi sug‘urta kompaniyalari o‘zlarining mahsulot va xizmatlarini namoyish etdi.Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiyotimizni yuksaltirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan loyihalarni tatbiq etishda bank-moliya muassasalari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Davlatimiz rahbarining 2010-yil 26-noyabrda qabul qilingan “2011-2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Mazkur hujjat ijrosi jarayonida banklarning investitsiyaviy faolligini oshirish, mijozlar loyihacini kreditlash mexanizmlari, moliyaviy xizmat ko‘rsatish tartiblari takomillashtirilib, tizimda zamonaviy axborot texnologiyalari keng joriy etilmoqda.
Ikki kun davom etgan tadbirda ishtirokchilarga moliya-bank tizimi yutuqlari, mavjud imkoniyatlar, yangi xizmat va texnologiyalar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim omili bo‘lgan tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, kreditlar ajratish borasida viloyat banklarining imkoniyat va salohiyati namoyish etildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 2014-yilda viloyatda faoliyat olib borayotgan tijorat banklari tomonidan barcha moliyalash manbalari hisobidan 600 milliard so‘mdan ortiq kreditlar ajratildi. Xususan, kasb-hunar kolleji bitiruvchilarining biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga 25 milliard 734 million so‘m kredit yo‘naltirildi.
– Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ular faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi yosh tadbirkor Gulnoza Ismoiljonova. – O‘tgan yili o‘z biznes loyihamni ko‘rgazmaga taqdim etib, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ydim. Bu yil faoliyatimizni yanada kengaytirishni rejalashtirganmiz.
Ko‘rgazmada tijorat banklari tomonidan viloyatning chekka hududlarida faoliyat yuritayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, mikrofirmalar, fermer xo‘jaliklari hamda o‘z biznesini boshlayotgan ta’lim muassasalari bitiruvchilarining biznes loyihalari bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov g‘oliblariga imtiyozli kredit olish huquqini beruvchi sertifikatlar topshirildi.