Bank ko‘magida ishlab chiqarish hajmi ortmoqda
“O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan jurnalistlar uchun Andijon shahridagi jinsi matodan 250 dan ortiq turdagi kiyim-kechaklar ishlab chiqaruvchi “Bobur XBK”korxonasiga press-tur tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 7 noyabr kuni mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida to‘qimachilik sohasida mahalliylashtirishni kuchaytirish va eksport hajmini oshirish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilanib, mazkur yo‘nalishdagi ishlab chiqaruvchilarga imtiyozlar berildi.
“O‘zsanoatqurilishbank” o‘zi xizmat ko‘rsatib kelayotgan mamlakatimizning turli hududlaridagi ko‘plab sanoat korxonalarining mahalliylashtirishga oid loyihalarini moliyalashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Andijon shahrida “Bobur XBK” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan tikuvchilik korxonasi ham ana shunday loyihalardan biridir.
Umumiy qiymati 38,8 million AQSH dollariga teng ushbu loyiha doirasida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun viloyat hokimligi tomonidan uzoq vaqt foydalanilmasdan turgan, deyarli tashlandiq holga kelib qolgan bino “nol” qiymatda berilgan edi. Bank tomonidan korxona moliyaviy qo‘llab-quvvatlanganligi natijasida bu yerda qisqa muddatda jinsi matodan erkaklar, ayollar va bolalar uchun 250 dan ortiq turdagi kiyim-kechaklar ishlab chiqaruvchi zamonaviy tikuv fabrikasi barpo etildi.
Korxonaga bank tomonidan jalb qilingan xorijiy kredit hisobiga Yaponiya va Turkiya davlatidan zamonaviy dastgohlar, texnologik uskunalar olib kelib o‘rnatildi, ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, 850 ta ish o‘rni yaratildi. bugungi kunga kelib korxonada yiliga 1,5 million donadan ziyod tayyor trikotaj mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
– Turkiya to‘qimachilik sanoati rivojlangan, kiyim-kechak eksporti bo‘yicha dunyodagi yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi, – deydi “Bobur XBK” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Xayrullo Ismoilov. – Ana shundan, qolaversa, zamonaviy biznes talablaridan kelib chiqib, Turkiya tajribasini joriy etishga kirishdik. Ishlab chiqarishga muhandis, texnolog, bichuvchi, tikuvchi va dizaynerdan iborat turkiyalik mutaxassislar jalb qilindi. O‘zaro kelishuvga ko‘ra, ular mutaxassislarimizga ham amaliy, ham nazariy jihatdan ko‘maklashmoqda.
bugungi kunda fabrika mahsulotlarining 90 foizi “Diromm” brendi asosida Rossiya va Qozog‘iston davlatlariga eksport qilinmoqda. 2021 yil va joriy yilning o‘tgan davrida ushbu davlatlarga 2,8 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Press-tur davomida jurnalistlar korxonadagi ish jarayonlari, ishchi-xizmatchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirdi, mutaxassislar bilan suhbatda bo‘lib, korxonaning kelgusidagi rejalari haqida ma’lumot oldi.
– Fabrikada bir necha yildan buyon mehnat qilaman, – deydi korxona ishchisi Barnoxon Yuldasheva. – Samarali ishlashimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Dam olish xonalari, tibbiy punkt xizmatimizda. Bundan tashqari, bepul tushlik, ishga borib-kelish uchun transport tashkil etilgan.
Erishilayotgan muvaffaqiyatlarda korxona rahbariyati tomonidan mehnatni tashkil etishga ilg‘or ish uslublarini qo‘llash, ichki imkoniyatlardan samarali foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish, ishchi-xizmatchilarni munosib rag‘batlantirish muhim omil bo‘lmoqda.
– Shu yil oxirigacha ishlab chiqarish hajmini oshirish, ya’ni tayyorlayotgan mahsulotlarimizni oyiga 260 ming donaga yetkazish hisobiga ishchilar sonini 1000 nafarga yetkazish harakatidamiz, – deydi korxona rahbari X. Ismoilov. – Maqsadimiz Yevropa bozoriga chiqish, eksport hajmini 31,2 million dollariga yetkazish. Hozirda korxonamiz Rossiyaning yirik “JSC Melon Fashıon Group” kompaniyasi tarkibidagi “SELA MOMS”, “SELA KIDS”, “ZARINA”, “BIFIRI”, “SMENA” kabi mashhur brendga ega korxonalar bilan hamkorlik qilmoqda. Kelgusida Germaniyada savdo uyini ochish borasida ishlar olib borilmoqda.
Shundan so‘ng press-tur ishtirokchilari “O‘zsanoatqurilishbank”ning Andijon mintaqaviy Bank xizmatlari ofisiga tashrif buyurdi. Bu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Anjumanda bank tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, hajmi, shuningdek, aholining avtokredit va ipoteka kreditlarga qiziqishi tobora ortib borayotganligi ta’kidlandi. Jumladan, joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida bank xizmatlari ofisi tomonidan jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar miqdori o‘tgan yilning ana shu davriga nisbatan 15 foizga ortgan.
Tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatishda Prezidentimizning 2020 yil 21 oktyabrdagi “Eksport faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga ko‘ra, eksportoldi moliyalashtirish maqsadida ajratilayotgan kreditlar ulushi o‘sgan. Joriy yilning o‘tgan davrida ana shu yo‘nalishda ajratilgan kreditlar miqdori 1,8 million dollarni, umuman, Bank xizmatlari ofisi kredit qo‘yilmalari tarkibida sanoat sohasi 60,5 foizni, qishloq xo‘jaligi 13,1 foizni hamda chakana biznes 11,4 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, anjumanda 2022-2023 yillarda qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatida ishga tushirilishi mo‘ljallangan 28 ta loyihadan 19 tasiga kreditlar ajratilganligi, 600 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratilganligi qayd etildi.
Anjumanda ommaviy axborot vositalari vakillari bankning kreditlash yo‘nalishdagi faoliyati yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA