Bandlik va daromad — ustuvor yo‘nalish
Guliston tumanida aholi bandligini ta’minlash, daromad manbalarini kengaytirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar davomida yil boshida aniqlangan 1 400 nafardan ortiq ishsiz fuqaroning 967 nafari doimiy ish va barqaror daromad manbalari bilan ta’minlandi. Bu haqda Guliston tumani mahallalar uyushmasi binosida “Ish o‘rinlari va daromad: aholi farovonligi uchun nimalar qilinmoqda?” mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Tadbirda tuman hokimligi, mutasaddi tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Matbuot anjumanida aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahallalarda iqtisodiy faollikni oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, mahallalarda o‘tkazilgan xatlovlar asosida ishsiz va daromad manbai yetarli bo‘lmagan fuqarolarning ehtiyojlari o‘rganilib, ularni bandlikka jalb etish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, fuqarolarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, subsidiyalar ajratish, imtiyozli kreditlar berish hamda o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlarini kengaytirish orqali aholining iqtisodiy faolligi oshirilmoqda.
Matbuot anjumanida mahallalarning iqtisodiy ixtisoslashuvidan kelib chiqib kredit mablag‘larini yo‘naltirish amaliyoti ham o‘z samarasini berayotgani qayd etildi. Jumladan, “Sohilobod” mahallasida baliqchilik, “Sharq haqiqati” mahallasida esa chorvachilik yo‘nalishlari rivojlantirilib, bu orqali yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda va aholi daromadlari oshirilmoqda.

Shuningdek, “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida amalga oshirilgan ishlar ham ijobiy natijalar bermoqda. Xususan, “Ahillik” mahallasida qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 5 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Eng muhimi, mazkur mahallada ishsizlik muammosi to‘liq bartaraf etildi.
Mahallada aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan infratuzilma loyihalari ham amalga oshirildi. Jumladan, 2 ta sug‘orish qudug‘i qazilishi natijasida 420 ta xonadonning oqova suv bilan bog‘liq muammosi hal etilib, aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.

Matbuot anjumani davomida jurnalistlar tomonidan bandlik, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholi daromadlarini oshirish hamda mahallalarni iqtisodiy rivojlantirishga oid qator savollar berildi. Mutasaddilar ularga atroflicha javob berishib, kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar haqida ham ma’lumotlar taqdim etishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri