Bandixondan kambag‘allik va ishsizlik chekinadi
Prezident tashrifidan so‘ng
Prezidentimiz joriy yilning 26-27-fevral kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida vohaning kambag‘allik darajasini 2,8, ishsizlik darajasini 4,5 foizga tushirish yuzasidan tegishli vazifalarni belgilab bergan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlab, “Ijtimoiy reyestr”dagi odamlarni kambag‘allikdan chiqarish uchun ularning aniq daromad manbaini yaratishda yana bir Surxondaryo tajribasi joriy etilmoqda.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov g‘oyasi bilan bu tajriba Bandixon tumanidan boshlandi. Tumandagi 22 ta mahallaning har biridan “Ijtimoiy reyestr”da turgan bir nafardan ishsiz kishiga Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan hokim yordamchilarining tavsiyanomasi asosida 20,6 million so‘mgacha ssuda ajratilib, mototransport vositasi olib berildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda tumanning kambag‘allik darajasi 2,8 foizni tashkil etayotgan bo‘lsa, yil yakunida bu ko‘rsatkichni 1,9 foizga tushirish rejalashtirilgan. Buning uchun mavjud yer maydonlaridan oqilona foydalanishga ko‘maklashish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, xizmatlar ko‘rsatish tarmoqlarini rivojlantirib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish kabi vazifalar belgilab olingan.
– Farovon mahallasida yashayman, – deydi vaqtincha ishsiz Nazir Qurbonov – Bugun aniq daromadga ega ishli bo‘ldim. Bu mototransport bilan aholiga xizmat ko‘rsatib, oilamga daromad olib kelaman. Tomorqalarda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini dehqon bozorlariga olib borib beraman. Bir kunda 100 ming so‘mdan ortiq toza daromad topsam ham oyiga uch million so‘mdan oshadi. Hech kimdan kam bo‘lmaymiz. Ro‘zg‘orimiz but bo‘ladi.
Bu tajriba viloyatning barcha tumanlarida ommalashtirilib, boshqa hududlarda ham markazlashgan kichik logistika nuqtalarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Logistika markazlaridagi mototransport vositalari bilan aholining tomorqa xo‘jaliklari va ijaraga olingan yer maydonlarida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini bozorlarga qulay narxlarda yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi.
Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, zamonaviy va qulay mototransportga egalik qilgan ishsiz kishilar bir kunda o‘rtacha 100 ming so‘mdan 300 ming so‘mgacha, bir oyda esa 3 million so‘mdan 9 million so‘mgacha daromad topadi. Ishsizlik chekinib, “Ijtimoiy reyestr”dagi xonadonlar to‘kin hayot kechiradi.
O‘tgan yil viloyatda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 60 ming oilaning 274 mingdan ortiq a’zosi kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 9,3 foizdan 4,5 foizga, 440 ming kishining bandligi ta’minlanib, ishsizlik darajasi 5,6 foizdan 4,9 foizga tushirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri