Baliq ovi 45 million180 ming so‘mga tushdi
Surxondaryo viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi nazoratchilari hamkor organlar xodimlari bilan Termiz tumanidagi Nurafshon mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi “Uchqizil” kanalidan Jarqo‘rg‘on tumanida yashovchi T.T hamda A.O. taqiqlangan usullar va taqiqlangan ov qurollari (elektrqarmoq) bilan baliq ovlayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olgan.
Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, huquqbuzarlardan shu yerning o‘zida bir dona rezina qayiq, bir dona akkumlyator, qo‘lbola elektr qarmoq va ovlangan baliqlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 35- va 53-moddalari talabini buzgan huquqbuzarlarga amaldagi qonunchilikka muvofiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, hayvonat dunyosiga yetkazilgan zarar uchun 45 million 180 ming so‘m jarima chorasi qo‘llanildi. Endilikda mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudida ko‘rib chiqiladi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri